"SALOMATLIK MARAFONI" OYLIGIGA START BЕRILDI
2026-06-03 12:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tuman Tibbiyot birlashmasida aholi salomatligini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish hamda ommaviy sportni rivojlantirishga qaratilgan “Salomatlik marafoni” oyligiga start berish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarga murojaat qildi. Tuman rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda inson salomatligini muhofaza qilish, aholining hayot sifati va umr davomiyligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, mazkur vazifalarni hayotga tatbiq etishda tibbiyot xodimlarining mas’uliyati va fidokorona mehnati alohida ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Mazkur oylik O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF–6099-sonli Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
“Salomatlik marafoni” oyligi doirasida tumandagi barcha tibbiyot muassasalari, oilaviy poliklinikalar, oilaviy shifokorlik punktlari hamda boshqa tibbiy tashkilotlarda aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar, tibbiy ko‘riklar va targ‘ibot ishlari keng qamrovda amalga oshiriladi.
Marafonning asosiy maqsadi – aholining tibbiy madaniyatini yuksaltirish, turli kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotning ajralmas qismiga aylantirish hamda tibbiy xizmatlar sifatini yanada takomillashtirishdan iborat.
Oylik davomida bir qator muhim yo‘nalishlarda amaliy ishlar tashkil etiladi. Xususan, aholining profilaktik tibbiy ko‘riklar bilan qamrovini kengaytirish va bu boradagi monitoring tizimini yanada kuchaytirish choralari ko‘riladi. Shuningdek, yosh shifokorlar va tibbiyot talabalarining ilmiy va innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Tibbiyot novatorlari” platformasi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha uchrashuvlar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda ommaviy aksiyalar tashkil etiladi.
Mahallalar va jamoat joylarida maxsus “Salomatlik nuqtalari” faoliyati yo‘lga qo‘yilib, fuqarolarga sog‘liqni saqlash bo‘yicha maslahatlar beriladi, ularning salomatlik holati bo‘yicha dastlabki tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi.
Ayniqsa, oylik doirasida ayollar va bolalar salomatligiga alohida e’tibor qaratiladi. Ularni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish va kasalliklarning oldini olish bo‘yicha keng tushuntirish ishlari olib boriladi.
Bunday tadbirlar aholi o‘rtasida kasalliklarni erta aniqlash, turli asoratlarning oldini olish, tibbiy madaniyatni yuksaltirish hamda jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.






