Ta’mirlash ishlari olib borildi
2026-05-12 16:05:00 / Rasmiy munosabat

Instagram ijtimoiy tarmog‘idagi Olmaliqhayotii sahifasida Ohangaron tumanining "Qiziloy" mahallasi hududidan o‘tuvchi avtoyo‘lning ayrim qismlari nosoz holatga kelgani yuzasidan tanqidiy murojaat e’lon qilindi.
Mazkur holat Ohangaron tuman hokimligi tomonidan zudlik bilan o‘rganilib, mas’ul tashkilotlar ishtirokida joyiga chiqqan holda tahlil qilindi. O‘rganishlar davomida yo‘l qoplamasining ayrim nuqtalarida harakat ishtirokchilari uchun noqulaylik tug‘dirayotgan kamchiliklar mavjudligi aniqlandi.
Shundan so‘ng, tuman Yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan mavjud imkoniyatlar doirasida avtoyo‘lning nosoz qismlarida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi.
Ohangaron tuman hokimligi fuqarolar va ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan bildirilayotgan taklif va murojaatlarga doimiy e’tibor qaratilishini ma’lum qiladi. Hududlardagi infratuzilma obyektlarining holatini yaxshilash, aholi uchun qulay va xavfsiz sharoitlarni ta’minlash borasidagi ishlar izchil davom ettiriladi.
Ohangaron tuman hokimligi jamoatchilik nazoratiga befarq bo‘lmagan fuqarolar va blogerlarga minnatdorlik bildiradi hamda aniqlangan muammolar yuzasidan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini ma’lum qiladi.


