Kartoshkachilik sohasida ilg‘or tajribalar o‘rganildi
2026-06-01 15:55:00 / Yangiliklar

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Agrover” klasterida kartoshkachilik sohasini yanada rivojlantirishga bag‘ishlangan amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur klaster o‘z faoliyatida faqat kartoshka yetishtirish bilan cheklanib qolmasdan, 1400 gektar maydonda yuqori hosildor navlarni parvarishlash, mahsulotni saqlash uchun zamonaviy muzlatkich omborlari hamda kartoshkani chuqur qayta ishlash quvvatlarini ham yo‘lga qo‘ygani bilan ahamiyatlidir. Bu yerda yetishtirishdan tortib, saqlash va qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha jarayonlar yagona tizim asosida tashkil etilgan.
Seminarda Ohangaron tumani hokimining o‘rinbosari Akmal Boyqobilov boshchiligida qishloq xo‘jaligi sohasi vakillari ham faol ishtirok etdi. Tadbir doirasida tumanimiz paviloni tashkil qilinib, Ohangaronda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan tayyorlanayotgan mahsulotlar hamda sohada amalga oshirilayotgan ishlar namoyish etildi.
Amaliy seminar davomida kartoshkachilik tarmog‘ini rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari, yuqori sifatli urug‘chilikni tashkil etish, hosildorlikni oshirishga qaratilgan agrotexnik tadbirlar hamda sohadagi istiqbolli loyihalar xususida fikr va tajriba almashildi.
Shuningdek, ishtirokchilar klaster hududida joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalar, xususan, yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarining samaradorligi bilan yaqindan tanishib, mazkur tajribani boshqa hududlarda ham keng tatbiq etish yuzasidan muhokamalar olib bordilar.
Bunday amaliy seminarlar qishloq xo‘jaligida zamonaviy yondashuvlarni ommalashtirish, ilg‘or tajribalarni joylarda tatbiq etish va sohaning eksportbop hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.







