Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning Qurbon hayiti munosabati bilan bayram tabrigi
2026-05-26 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz va qadrli tumandoshlar!
Sizlarni, butun musulmon ahlini ezgulik, mehr-oqibat va bag‘rikenglik timsoli bo‘lgan muqaddas Qurbon hayiti bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Qurbon hayiti asrlar davomida xalqimizning ma’naviy hayotida muhim o‘rin tutib kelayotgan, insonlarni ezgulikka, shukronalikka, mehr-muruvvat va saxovatga chorlaydigan ulug‘ ayyomdir. Bu muborak kunda inson qadrini ulug‘lash, ehtiyojmandlarga yordam qo‘lini cho‘zish, bemor va keksalar holidan xabar olish, yaqinlarga mehr-e’tibor ko‘rsatish kabi olijanob fazilatlar yanada yorqin namoyon bo‘ladi.
Xalqimiz azaldan Qurbon hayitini hamjihatlik, bag‘rikenglik va insonparvarlik ruhida nishonlab keladi. Ayniqsa, bugungi Yangi O‘zbekiston sharoitida inson manfaati va qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish, muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani barchamizga g‘urur bag‘ishlaydi.
Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muqaddas Qurbon hayiti munosabati bilan aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va mehr-saxovat tadbirlarini samarali tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq, og‘ir va nogironlikka olib keladigan kasalliklarga chalingan 10 ming nafar bolaning davolanish xarajatlari davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi. Shuningdek, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, “Mehribonlik” uylari, oilaviy bolalar uylari, kam komplektli bolalar uylari, SOS — bolalar mahallalari tarbiyalanuvchilari hamda Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan ota-onalarning farzandlari hisob raqamlariga 200 AQSH dollaridan mablag‘ ajratilishi insonparvarlik tamoyillarining yorqin namunasidir.
Bu xayrli ishlar Ohangaron tumanida ham keng qamrovda amalga oshirilmoqda. Xususan, bayram munosabati bilan tumanimizdagi 461 ta ehtiyojmand oilaga hayitlik qutilari yetkazib berilishi, 51 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning hisob raqamiga 200 AQSH dollaridan mablag‘ o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu ishlar orqali yurtdoshlarimiz qalbiga quvonch ulashish, insonlar o‘rtasida mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash maqsad qilingan.
Aziz tumandoshlar!
Muqaddas ayyomlarda bir-birimizga mehr ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj insonlar holidan xabar olish, keksa ota-onalar duosini olish, farzandlar qalbiga yaxshilik va insonparvarlik tuyg‘ularini singdirish barchamizning ezgu burchimizdir.
Qurbon hayiti xonadonlarimizga fayzu baraka, tinchlik-xotirjamlik va qut-baraka olib kirsin. Yurtimizda doimo osoyishtalik, xalqimiz hayotida farovonlik va ahillik hukm surcin.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt, ishlaringizga rivoj va dasturxonlaringizga to‘kinlik tilayman.
Yana bir bor barchangizni Qurbon hayiti bilan muborakbod etaman!
Hurmat bilan,
Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov.
