Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning bitiruvchi yoshlarga bayram tabrigi
2026-05-25 09:55:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Qadrli bitiruvchi o‘g‘il-qizlarim!
Avvalo, barchangizni yurtimizdagi unutilmas bayramlardan biri — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” ayyomi bilan samimiy muborakbod etaman.
Bugun bitiruvchilarimiz uchun alohida tarixiy kun. Chunki bu maktab ostonasidagi beg‘ubor bolalik yillari ortda qolib, mustaqil hayot sari ilk qadamlar qo‘yilayotgan kundir.
Yakunlanib borayotgan 2025/2026-o‘quv yili tumanimiz ta’lim tizimi uchun ulkan yutuqlar va yuqori natijalar yili bo‘ldi. Bu esa, avvalo, ustozlarning fidokorona mehnati, o‘quvchilarning intilishi hamda ota-onalarning qo‘llab-quvvatlashi samarasidir.
Aziz bitiruvchilar!
Hayot sinovlardan iborat. Oldingizda hali katta maqsadlar, muhim qarorlar, mas’uliyatli yo‘llar turibdi. Ammo sizlarda bilim bor, orzu bor, intilish bor. Eng muhimi — sizlarga ishonadigan ota-ona, mehr bergan ustoz va sizlarni qo‘llab-quvvatlaydigan Vatan bor.
Shuning uchun hech qachon orzu qilishdan to‘xtamang. Hech qachon izlanishdan charchamang! Ilm olishdan ortga chekinmang! Chunki bugungi zamonda eng katta kuch — bilim va tafakkurdir.
Ishonamanki, sizlar kelajakda shifokor, muhandis, o‘qituvchi, tadbirkor, harbiy, olim va davlatimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishasiz.
Qadrli yoshlar!
Qayerda bo‘lmang, qaysi sohada faoliyat yuritmang, avvalo, inson bo‘lib qoling. Vatanga sadoqatli, halol, mehnatsevar va yurt ravnaqi uchun daxldorlik hissi bilan yashang. Ota-onangiz, ustozlaringiz va maktabingiz nomini doimo yuksak tuting.
Ishonaman, sizlar Ohangaron tumanining, Toshkent viloyatining va butun O‘zbekistonning munosib farzandlari bo‘lasiz.
Yana bir bor barchangizni “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan tabriklayman!
Barchangizga mustahkam sog‘liq, baxt-saodat, katta zafarlar va yorug‘ kelajak tilayman.
Oq yo‘l sizlarga, aziz bitiruvchilar!
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
