"So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbiri bo‘lib o‘tdi
2026-05-25 09:30:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanidagi 52-maktabda “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tantanali tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, bitiruvchilarni hayotlaridagi muhim bosqich bilan samimiy qutladi.
Tadbir avvalida tuman rahbari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maktab bitiruvchilariga yo‘llagan bayram tabrigini o‘qib eshittirdi. Davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi, ularning bilimli va vatanparvar insonlar bo‘lib yetishishlariga qaratilgan ezgu tilaklari tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.
Shuningdek, tuman hokimi o‘z so‘zida muallimlar, ota-onalar va bitiruvchilarga chuqur minnatdorlik izhor etib, yoshlarga kelgusi hayot yo‘lida ulkan zafarlar, muvaffaqiyat va ezgu orzularining ushalishini tiladi. Ustozlarning mashaqqatli mehnati, ota-onalarning mehr va tarbiyasi orqali bugungi kunda bilimli, intiluvchan, yurt kelajagiga daxldor yoshlar voyaga yetayotgani alohida ta’kidlandi.
Tadbir davomida ta’lim sohasida samarali mehnat qilib, o‘quvchilar tarbiyasi va ta’lim sifatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan bir guruh ustozlar tuman hokimligining tashakkurnomalari bilan taqdirlandi. Shu bilan birga, farzand tarbiyasida faollik va namuna ko‘rsatgan bir qator ota-onalarga ham tuman rahbarining tashakkurnomalari topshirildi.
Tantanali tadbirning eng hayajonli onlari esa “So‘nggi qo‘ng‘iroq” sadolari yangragan pallalarda namoyon bo‘ldi. Qalblarda hayajon, ko‘zlarda orzu va ishonch bilan bitiruvchilar mustaqil hayot sari ilk qadamlarini tashladilar.









