Ohangaron tumanida yana bir yangi loyiha ishga tushdi
2026-05-20 12:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan yana bir yirik investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Tumanda “Premier Electrotech” MCHJ qo‘shma korxonasi tomonidan zamonaviy konditsioner ishlab chiqarish korxonasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yirik loyiha nafaqat hudud iqtisodiyoti, balki aholi bandligini ta’minlash va mahalliy sanoat tarmog‘ini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Korxonaning umumiy loyiha qiymati 30 million AQSH dollarini tashkil etib, shundan 16,5 million dollar zamonaviy ishlab chiqarish uskunalariga, 11 million dollar qurilish-montaj ishlariga hamda 2,5 million dollar aylanma mablag‘larga yo‘naltirildi.
Yangi ishga tushirilgan korxonada ilg‘or texnologiyalar asosida yuqori sifatli konditsionerlar ishlab chiqariladi. Korxonaning yillik ishlab chiqarish quvvati 200 ming donani tashkil etib, yil davomida 300 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi.
Eng muhimi, ushbu yirik sanoat obyektining faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 150 nafar fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Bu esa aholi daromadlarini oshirish, oilalar farovonligini mustahkamlash hamda tumanda ishsizlikni qisqartirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda Ohangaron tumanida investitsiya muhitini yaxshilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish va eksportbop mahsulotlar hajmini ko‘paytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar izchil davom ettirilmoqda. “Premier Electrotech” MCHJ qo‘shma korxonasining faoliyati ham ana shu sa’y-harakatlarning amaliy ifodasi bo‘lib, hudud sanoati taraqqiyotida yana bir muhim qadam sifatida e’tirof etilmoqda.









