Ohangaron tumani “Qiziloy” mahallasi hududida “Yangi Conch materiallari” loyihasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2026-05-18 17:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni yangi loyiha bilan samimiy qutladi. U o‘z so‘zida bu kabi investision tashabbuslar hudud sanoatini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va iqtisodiy salohiyatni oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Qiymati 3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha zamonaviy plastik eshik va romlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan sanoat korxonasi hisoblanadi. Korxona eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan bo‘lib, ichki bozor talabini qondirish bilan birga raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ham ega.
Eng muhimi, yangi korxona faoliyati natijasida tumanda qator yangi ish o‘rinlari yaratildi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashda muhim omil bo‘ldi.
Bugungi kunda mamlakatimizda investorlar uchun qulay biznes muhitini shakllantirish, sanoatni rivojlantirish va hududlarga investisiyalar jalb etish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. “Yangi Conch materiallari” loyihasini ana shu islohotlarning amaliy ifodasi sifatida ko‘rsatish mumkin.





