Yangi loyihaga tamal toshi qo‘yildi
2026-05-13 15:10:00 / Yangiliklar

Bugun Ohangaron tumanida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yana bir yirik investisiyaviy loyihaga start berildi. “Silk Road Logistic Corparation” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilayotgan zamonaviy metall konstruksiyalar va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Sa’dullayev ishtirok etib, yig‘ilganlarni tabrikladi.
Loyiha uchun auksion asosida 5,2 gektar yer maydoni ajratilgan.
Umumiy qiymati 10 million AQSH dollarini tashkil etuvchi ushbu yirik investisiya loyihasi nafaqat sanoat sohasini rivojlantirish, balki hududning eksport salohiyatini yanada oshirishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilishi natijasida 205 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Bu esa aholi bandligini ta’minlash, ayniqsa, yoshlar va mutaxassis kadrlar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi.
Mazkur majmuada yillik 25 ming tonna metall konstruksiyalar ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Eng muhimi, korxona mahsulotlari tashqi bozorlarga yo‘naltirilib, yillik eksport hajmini 6,5 million AQSH dollariga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari bilan yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik aloqalari hududimiz eksport geografiyasini yanada kengaytiradi.








