“Asl Umid Shams” fermer xo‘jaligiga press-tur uyushtirildi
2026-05-12 14:55:00 / Press-tur

Bugun Ohangaron tumanidagi “Asl Umid Shams” fermer xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–322-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘i Abrol Vaxabov, viloyat hokimi o‘rinbosari Hurshid Qoraboyev, viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bosharmasi boshlig‘i Hojiakbar Otaboyev, shuningdek, sohaning malakali mutaxassislari, fermerlar, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ma’ruzachilar tomonidan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht, sut, tuxum, baliq, o‘simlik yog‘i va kartoshka bilan barqaror ta’minlash, chorvachilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash, tarmoqda ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish hamda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish, naslli chorva va parrandachilikni rivojlantirish, veterinariya xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan moliyaviy va soliq imtiyozlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Shu bilan birga, faoliyat turidan qat’i nazar, yuqoridagi qarorga muvofiq, fermerlar tomonidan dala chetlariga yengil konstruksiyali inshootlar qurib, chorvachilikni rivojlantirish mumkinligi, bu borada yaratilgan shart-sharoit va imtiyozlar haqida ma’lumotlar berildi.
Seminar davomida ishtirokchilar mas’ullarga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etib, batafsil javoblar olishdi.
Shuningdek, seminar ishtirokchilari “Asl Umid Shams” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. G‘alla-sabzavotchilikka ixtisoslashgan mazkur xo‘jalik tasarrufida 135 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 112 gektari suvli yerlarni tashkil etadi. Ayni paytda 58 gektar maydonga boshoqli don ekinlari, 44 gektariga sabzavot, 10 gektariga esa beda ekilgan.
Fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Umarov tomonidan chorvachilik yo‘nalishida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirda 55 bosh bo‘rdoqiga boqilayotgan buqalar parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, sutchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida, Germaniyadan 100 bosh naslli qoramol olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, yaqin vaqt ichida ushbu chorva mollari olib kelinishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda, fermer xo‘jaligi tomonidan yengil konstruksiyali molxonalar bunyod etilgan.
Seminar doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur ham tashkil etilib, fermer xo‘jaligidagi amaliy ishlar, yaratilgan sharoitlar va agrar sohadagi innovatsion yondashuvlar namoyish etildi.









