Ohangaron tumanida oziq-ovqat xavfsizligi va agrar sohadagi istiqbolli rejalarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi
2026-05-12 09:45:00 / Press-relizlar

Bugun Ohangaron tumanidagi “Asl Umid Shams” fermer xo‘jaligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 31 oktyabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–322-sonli qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.
Seminarda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, shuningdek, sohaning malakali mutaxassislari, fermerlar, tadbirkorlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida ma’ruzachilar tomonidan aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari — go‘sht, sut, tuxum, baliq, o‘simlik yog‘i va kartoshka bilan barqaror ta’minlash, chorvachilik xo‘jaliklarining ozuqa bazasini mustahkamlash, tarmoqda ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirish hamda ichki bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
Shuningdek, ishtirokchilarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish, naslli chorva va parrandachilikni rivojlantirish, veterinariya xizmati ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan moliyaviy va soliq imtiyozlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
Seminar ishtirokchilari “Asl Umid Shams” fermer xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. G‘alla-sabzavotchilikka ixtisoslashgan mazkur xo‘jalik tasarrufida 135 gektar yer maydoni mavjud bo‘lib, shundan 112 gektari suvli yerlarni tashkil etadi. Ayni paytda 58 gektar maydonga boshoqli don ekinlari, 44 gektariga sabzavot, 10 gektariga esa beda ekilgan.
Fermer xo‘jaligi rahbari Faxriddin Umarov tomonidan chorvachilik yo‘nalishida ham keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. Xususan, hozirda 55 bosh bo‘rdoqiga boqilayotgan buqalar parvarish qilinmoqda. Shu bilan birga, sutchilik yo‘nalishini rivojlantirish maqsadida, Germaniyadan 100 bosh naslli qoramol olib kelish bo‘yicha shartnoma imzolangan bo‘lib, yaqin vaqt ichida ushbu chorva mollari olib kelinishi rejalashtirilgan.
Seminar doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur ham tashkil etilib, fermer xo‘jaligidagi amaliy ishlar, yaratilgan sharoitlar va agrar sohadagi innovatsion yondashuvlar namoyish etildi.
