Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan bayram tabrigi
2026-05-08 12:25:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, qadrli tumandoshlar!
Avvalo, barchangizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Bu sana — xalqimizning matonati, jasoratini ulug‘laydigan, yurt tinchligi yo‘lida jonini fido qilgan ajdodlarimiz xotirasiga yuksak ehtirom ko‘rsatiladigan hamda bugungi keksa avlod vakillari, mehnat fronti qatnashchilari, urush va mehnat faxriylari e’zozlanadigan qutlug‘ kundir.
Ikkinchi jahon urushi yillarida minglab yurtdoshlarimiz qatori ohangaronlik fidoyilar ham front va front ortida beqiyos jasorat namunasini ko‘rsatib, bugungi osoyishta hayotimiz uchun munosib hissa qo‘shgan. Ularning jasorati, sabr-bardoshi va Vatanga muhabbati har birimiz uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Shuningdek, nuroniylarimizning hayot yo‘li, mehnati va fidokorona xizmatlari yosh avlod uchun katta saboq va yuksak namunadir.
Aziz tumandoshlar!
Yurtimiz tinchligi, xonadonlarimiz fayzu barakasi, xalqimiz osoyishtaligi doimo barqaror bo‘lsin. Fidoyi insonlar xotirasi abadiy yashaydi, ularning jasorati hech qachon unutilmaydi.
Yana bir bor barchangizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizlarga mustahkam sog‘liq, oilangizga baxt-saodat, yurtimizga tinchlik va ravnaq tilayman.
Hurmat bilan,
Ohangaron tumani hokimi Bahrom NORQOBILOV.
