Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda so‘zlagan nutqi
2026-05-08 11:35:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli mehmonlar, muhtaram nuroniylar, aziz tumandoshlar!
Barchangizni 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Bu sana xalqimiz hayotida alohida ma’naviy ahamiyatga ega. Chunki “Xotira va qadrlash” degan ulug‘ tushunchalar xalqimizning azaliy qadriyatlari, insonparvarlik fazilatlari va bag‘rikenglik an’analari bilan chambarchas bog‘liqdir.
Biz bu kunda nafaqat Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan, Vatan ozodligi va xalq tinchligi uchun jonini fido qilgan ajdodlarimizni yod etamiz, balki yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan mehnat qilgan insonlarga ham yuksak ehtirom ko‘rsatamiz.
Shu sababli, bu kunning “Xotira va qadrlash kuni” deb atalishi ham bejiz emas.
Xotira — bu o‘tganlarni yod etish, ularning jasorati va mehnatini unutmaslik demakdir. Qadrlash esa — oramizda yurgan insonlarning mehnati, fidoyiligi va hayot yo‘lini e’tirof etish, ularga hurmat va e’tibor ko‘rsatishdir.
Tirik insonning qadriga yetish — xalqimizga xos eng ulug‘ fazilatlardan biri. Zero, inson mehnati va jasorati uning hayotligida e’zozlansa, bu jamiyatning ma’naviy yuksakligini ko‘rsatadi.
Aziz tumandoshlar!
Urush yillarida xalqimiz mislsiz matonat namunasini ko‘rsatdi. Frontga ketgan minglab yurtdoshlarimiz dushmanga qarshi mardonavor jang qilgan bo‘lsa, orqa frontda qolgan ota-onalarimiz, ayollar va yoshlar mehnat frontida kechayu kunduz zahmat chekib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdilar.
Ohangaron zaminidan chiqqan ko‘plab insonlar ham frontda jasorat ko‘rsatgan, ham mehnat maydonida fidokorona xizmat qilgan. Ularning hayot yo‘li bugungi avlod uchun haqiqiy ibrat maktabidir.
Shu bilan birga, mustaqillik yillarida yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shgan ustozlar, shifokorlar, dehqonlar, quruvchilar, ishchi va ziyolilar, mahalla faollari, mehnat faxriylari — barchasi xalqimiz ehtiromiga munosib insonlardir.
Chunki yurt taraqqiyoti halol mehnat, sabr-toqat va fidoyilik bilan bunyod etiladi.
Bugun mamlakatimizda inson qadrini ulug‘lash, keksalarni e’zozlash, ehtiyojmandlarga ko‘mak berish, nuroniylarning duosini olish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangani ham bejiz emas.
Biz har bir nuroniyni, har bir faxriyni, mehnat orqali el-yurt hurmatini qozongan insonlarni doimo qadrlaymiz. Chunki ularning hayot tajribasi, bosib o‘tgan yo‘li va duosi jamiyatimiz uchun katta ma’naviy tayanchdir.
Qadrli mehmonlar!
Tinchlik — eng katta ne’mat. Osuda yurt, totuv xalq, farovon hayot — bu bizning eng katta boyligimizdir. Bu tinchlik va barqarorlik zamirida ajdodlarimizning jasorati, katta avlodning mehnati va duosi mujassam.
Shu bois biz o‘tganlarni xotirlab, bugungi zamondoshlarimizni qadrlab yashashimiz lozim.
Fursatdan foydalanib, urushorti va mehnat faxriylariga, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shayotgan barcha insonlarga chuqur hurmat va ehtiromimni bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘liq, uzoq umr, xonadonlaringizga fayzu baraka, yurtimizga esa tinchlik va farovonlik tilayman.
9 may – Xotira va qadrlash kuni barchamizga muborak bo‘lsin!
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
