Qishloq xo‘jaligi sohasida pokistonlik investorlar bilan muzokaralar olib borildi
2026-05-06 17:00:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish, zamonaviy innovatsion yechimlarni joriy etish hamda xalqaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, kuni kecha tuman hokimi Bahrom Norqobilov Pokistonning "Samsons Agro Farms" kompaniyasi vakili Muhammad Faysal Oxunzodani qabul qilib, chorvachilik yo‘nalishida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan dastlabki muzokaralarni o‘tkazgan edi.
Mazkur uchrashuvning mantiqiy davomi sifatida bugun tuman hokimi boshchiligida tumandagi yirik fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan muzokaralar tashkil etildi. Unda mahalliy fermerlar va xorijiy hamkor o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot maydoni yaratildi.
Muzokaralar avvalida tuman rahbari tomonidan Ohangaron tumanining tabiiy-iqlim sharoiti, chorvachilik va dehqonchilikni rivojlantirish uchun mavjud imkoniyatlari, shuningdek sohada amalga oshirilayotgan tizimli ishlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Hududda ozuqa bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirish va zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilayotganligi ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, xorijiy mehmon Muhammad Faysal Oxunzoda o‘z taqdimoti davomida kompaniyaning amaliy tajribasi, chorvachilikni sanoatlashtirish, shuningdek, suv tejamkor texnologiyalar asosida ozuqa yetishtirish bo‘yicha ilg‘or yechimlarini tanishtirdi. U tomonidan fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda loyihalarni amalga oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali mahsuldorlikni oshirish imkoniyatlari alohida qayd etildi.
Uchrashuv davomida fermer xo‘jaliklari rahbarlariga mazkur xorijiy kompaniya bilan hamkorlik qilish, tajriba almashish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi. Muloqot jarayonida tomonlarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, kelgusida mazkur yo‘nalishda muzokaralar davom ettirilib, yaqin istiqbolda aniq loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarga erishish ko‘zda tutilmoqda.







