Tuman hokimi xitoylik investorlar bilan uchrashdi
2026-04-30 17:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan amaliy ishlar izchil davom etmoqda. Shu doirada tuman hokimi Bahrom Norqobilov Xitoyning "Zhangzhou Jianhua Keramika Co., Ltd." kompaniyasi vakillarini qabul qildi.
Uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari yuzasidan dastlabki muzokaralar olib bordilar. Xorijiy investorlar tomonidan Ohangaron tumanida umumiy qiymati 150 million AQSH dollarini tashkil etuvchi, kafel va boshqa turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zamonaviy sanoat korxonasini tashkil etish loyihasi taqdim etildi.
Mazkur loyiha doirasida ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish maqsadida, tumanning “Uvak” mahallasi hududidan 47 gektar yer maydoni taklif qilindi. Ta’kidlanishicha, ushbu investitsiyaviy tashabbus amalga oshirilsa, hududda yangi ish o‘rinlari yaratish, mahalliy xomashyodan samarali foydalanish hamda qurilish materiallari bozorida raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyati yanada kengayadi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlari, infratuzilma bilan ta’minlash, muhandislik kommunikatsiyalarini olib kirish hamda investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari ham muhokama qilindi.
Loyiha doirasida muzokaralar davom etadi.



