Bahrom Norqobilov tuman yoshlari bilan uchrashuv o‘tkazdi
2026-04-30 16:15:00 / Yangiliklar

Payshanba — yoshlar kuni munosabati bilan Ohangaron tumanida yosh avlod bilan ochiq muloqot ruhidagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda tuman hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, tuman umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda ustozlar bilan samimiy suhbat qurdi.
Tuman rahbari o‘z nutqida mamlakatimizda ta’lim sohasini tubdan takomillashtirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilayotganini ta’kidladi. Yaratilgan imkoniyat va shart-sharoitlar natijasida yoshlarning ilm-fan, sport va boshqa sohalarda erishayotgan yutuqlari tobora ortib borayotgani qayd etildi. Bu esa yurt kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratayotgan muhim omil sifatida e’tirof etildi.
Uchrashuv davomida faol va tashabbuskor yoshlar so‘zga chiqib, o‘z yutuqlari, tajribalari hamda kelgusidagi rejalari haqida fikr almashdilar. Ular tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar tadbir mazmunini yanada boyitdi.
Tadbirning eng ahamiyatli jihatlaridan biri sifatida “Xorijiy tillarni o‘qitish bo‘yicha eng yaxshi maktab” tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga tuman hokimligi tomonidan 1-, 2- va 3-o‘rinlar uchun mos ravishda 100 million, 75 million va 50 million so‘m miqdorida pul mukofotlari tantanali ravishda topshirildi. Bu esa ta’lim sifati va raqobat muhitini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, "Turon" maktab teatri tanlovining viloyat bosqichi g‘olibi, 52-maktabning "Tamaddun" jamoasining yutuqlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, kasb-hunar egallashga intilayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida, monomarkazda tahsil olib, muayyan mutaxassislikka ega bo‘lgan bir guruh yoshlarga sertifikatlar topshirildi. Mazkur e’tirof ularning kelgusida mehnat bozorida munosib o‘rin egallashiga zamin yaratadi.
Uchrashuv davomida yoshlarning fikr-mulohazalari, taklif va muammolari bilan tinglandi, ularga yechim topish yuzasidan tegishli mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.
Tadbirda tuman prokurori, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari ishtirok etib, yoshlarga ezgu tilaklar bildirdilar.









