Tegishli mas’ullarga qonuniy choralar ko‘rildi
2026-04-27 11:35:00 / Rasmiy munosabat

Uzdiplomat telegram kanalida Ohangaron tumani "Uvak" mahallasi hududida joylashgan “HUA TAO CERAMIC GROUP” xorijiy korxonasi tomonidan ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘layotgan turli chiqindilar belgilangan tartibda maxsus poligonlarga olib chiqilmasdan, korxona hududida to‘plab, ochiq holda yoqib yuborilayotgani haqida tanqidiy material e’lon qilindi.
Ushbu vaziyat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Xususan, mazkur holat tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan zudlik bilan o‘rganib chiqildi. O‘rganish jarayonida korxona hududida ishlab chiqarish chiqindilarini ochiq holda yoqish holatlari kuzatilgani aniqlandi.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan korxonaning mas’ul xodimlariga nisbatan amaldagi qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rildi. Jumladan, bir nafar mas’ul shaxsga O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 91-moddasi (chiqindilar bilan muomala qilishda tabiatni muhofaza qilish talablarini buzish), yana bir nafar xodimga esa 88¹-moddasi (atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya qilmaslik) bilan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.
Shuningdek, korxona rahbariyatiga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, chiqindilarni belgilangan tartib asosida utilizatsiya qilish hamda atrof-muhitga salbiy ta’sirni oldini olish yuzasidan qat’iy ko‘rsatmalar berildi. Ushbu masala yuzasidan nazorat tadbirlari davom ettiriladi.
Ohangaron tumani hokimligi ekologik barqarorlikni ta’minlash, fuqarolar salomatligi va atrof-muhit muhofazasi masalalariga befarq emasligini bildiradi hamda bu boradagi har qanday qonunbuzarlik holatlariga nisbatan qat’iy tegishli choralar ko‘rilishi maqsadga muvofiq ekanligini ma’lum qiladi.



