Yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-04-23 17:35:00 / Yangiliklar

Payshanba — yoshlar kuni munosabati bilan Ohangaron tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda tuman hokimi Bahrom Norqobilov 1-son texnikum o‘quvchilari bilan uchrashib, ularning fikr-mulohazalari va tashabbuslarini tingladi.
Uchrashuv davomida tuman rahbari yurtimizda yoshlarga qaratilgan davlat siyosati, yaratilayotgan keng imkoniyatlar, ta’lim olish, kasb-hunar egallash va tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish borasidagi imtiyozlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Shu bilan birga, yoshlarning bilim olishga bo‘lgan intilishi va zamonaviy kasblarni egallashga qaratilgan harakatlari qo‘llab-quvvatlanishi doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘quvchilar tomonidan texnikumdagi mavjud ta’lim yo‘nalishlari, ularning mehnat bozoridagi o‘rni va ahamiyati xususida fikrlar bildirildi. Ayniqsa, amaliy bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, kelgusida munosib ish o‘rinlariga ega bo‘lishda bu kabi ta’lim muassasalarining o‘rni alohida qayd etildi.
Muloqotning asosiy qismida yoshlar tomonidan ko‘tarilgan masalalar, taklif va murojaatlar tinglandi. Har bir murojaat yuzasidan mas’ul tashkilot va idoralarga aniq vazifalar belgilab berilib, ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Tadbirda ishtirok etgan tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Anvar Mo‘minov ham so‘zga chiqib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan yoshlarga har tomonlama amaliy ko‘mak ko‘rsatilishi, ularning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanishi borasida amaliy ishlar davom ettirilishini bildirdi.









