"Gulobod" mahallasida ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-04-22 13:05:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov “Gulobod” mahallasi aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Unda mahalla fuqarolari tomonidan qator dolzarb masalalar ko‘tarildi.
Muloqot jarayonida, avvalo, aholi tomonidan yaylov ajratish masalasi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, Charog‘on, Tinchlik, Madaniyat va Istiqlol ko‘chalarida joylashgan 380 ta xonadonni tabiiy gaz bilan ta’minlash masalasi aholi tomonidan ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Bundan tashqari, Tinchlik ko‘chasidagi 5 kilometr ichki yo‘llarni asfaltlashtirish, maktab oldida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida, sun’iy yo‘l to‘siqlarini o‘rnatish, avtobekat o‘rnatish, tungi yoritish chiroqlari o‘rnatish bo‘yicha takliflar ilgari surildi.
Energiya ta’minoti bilan bog‘liq masalalar ham e’tibor markazida bo‘lib, Madaniyat ko‘chasida 400 kVt quvvatga ega transformator o‘rnatish va 80 ta temir-beton ustunlar qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga, uy-joy kadstr hujjatlarini rasmiylashtirish yuzasidan ham murojaatlar bildirildi.
Tuman hokimi tomonidan har bir masala atroflicha o‘rganilib, mutasaddi tashkilotlar va mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi. Murojaatlarni bosqichma-bosqich hal etish yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.









