Muammo yuzasidan korxona mas’ullariga taklif berildi
2026-04-01 15:20:00 / Rasmiy munosabat

“Rahmon Ali blogi” telegram kanalida Ohangaron tumani “Qiziloy” mahallasi hududida faoliyat yuritayotgan “Conch” sement zavodiga qatnovchi yuk mashinalari tomonidan Olmaliq shahri “Chambil” mahallasi markaziy ko‘chasidan harakatlanishi natijasida yo‘l qoplamasiga zarar yetkazilayotgani hamda chang-to‘zon ko‘tarilishi orqali aholiga noqulayliklar tug‘dirayotgani haqida murojaat e’lon qilingan.
Mazkur holat yuzasidan tuman hokimligi tomonidan tezkor o‘rganish ishlari olib borilib, “Conch” korxonasi mutasaddilari bilan tegishli muloqotlar o‘tkazildi.
Suhbatlar davomida yuk transport vositalarining harakatlanishi natijasida kelib chiqayotgan muammolar muhokama qilinib, ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar berildi.
Xususan, mazkur yo‘l uchastkasini ta’mirlash, uning texnik holatini tiklash hamda aholiga qulay sharoit yaratish yuzasidan korxona tomonidan amaliy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Mazkur masala tuman hokimligi tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, muammoni ijobiy hal etish yuzasidan amaliy ishlar davom ettiriladi.
