Xitoylik investorlar bilan uchrashuv o‘tkazildi
2026-04-17 09:35:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov Xitoyning "Hebei International Land Port" kompaniyasi vakillarini qabul qildi. Uchrashuv doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va investitsion imkoniyatlarni kengaytirish masalalari muhokama markazida bo‘ldi.
Muzokaralar jarayonida kompaniya vakillari tomonidan Ohangaron tumanida zamonaviy va ko‘p tarmoqli yirik logistika markazini barpo etish bo‘yicha istiqbolli loyiha taqdim etildi. Ta’kidlanishicha, ushbu loyiha doirasida temir yo‘l va avtoyo‘l logistika infratuzilmasini shakllantirish, bojxona terminali, savdo uylari, mehmonxona hamda boshqa xizmat ko‘rsatish obyektlarini qurish rejalashtirilgan. Mazkur tashabbus hududning tranzit salohiyatini oshirish, tashqi savdo aloqalarini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Tuman rahbari, o‘z navbatida, bunday yirik investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun Ohangaron tumanida barcha zarur imkoniyat va infratuzilma mavjudligini ta’kidlab, kelgusida mazkur kompaniya bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida mehmonlarga tuman hokimi o‘rinbosari Sardor Usmonov hamrohligida Angren erkin iqtisodiy zonasining "Aqcha" blokida joylashgan mavjud yer maydonlari ko‘rsatilib, amaliy takliflar ilgari surildi.
Tomonlar o‘rtasidagi muzokaralarni davom ettirish hamda loyihani amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini muhokama qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Kompaniya to‘g‘risida ma’lumot:
Hebei International Land Port (shuningdek, Shijiazhuang International Land Port nomi bilan ham tanilgan) — Xitoyning Xebey provinsiyasida joylashgan muhim logistika uzeli bo‘lib, asosan temir yo‘l orqali yuk tashish va xalqaro savdoga ixtisoslashgan. 2026 yil holatiga ko‘ra, u Pekin–Tyanszin–Xebey hududidagi eng yirik quruqlik porti hisoblanadi va Xitoy — Yevropa yo‘nalishida muntazam qatnovlarni ta’minlab kelmoqda.
Port 18 ta xalqaro marshrutga xizmat ko‘rsatib, 8 ta chegara o‘tish punktini bog‘laydi hamda Yevroosiyoning 50 dan ortiq davlat va hududlarini qamrab oladi. Jumladan, Germaniya, Fransiya, Rossiya, Markaziy Osiyo mamlakatlari va ASЕAN davlatlari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur logistika markazi avtomobil, temir yo‘l, dengiz va havo transportini birlashtirgan yagona multimodal tizimni tashkil etadi.





