FVB xodimlari e’tirof etildi
2026-04-16 15:45:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limiga tashrif buyurib, xizmat faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Xabaringiz bor, tumanimizning olis va tog‘li hududida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bolakayni izlab topish va uni sog‘-omon ota-onasi bag‘riga qaytarish bo‘yicha keng ko‘lamli qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgan edi. Mazkur jarayonda favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari yuksak mas’uliyat, matonat va kasbiy mahorat namoyon etib, bolakayni topishga muvaffaq bo‘lishdi.
Tashrif davomida tuman hokimi ushbu sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etdi. U o‘z nutqida inson hayoti va xavfsizligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan xodimlarning mehnati beqiyos ekanini ta’kidlab, ularning jasorati va fidoiyligi barchaga ibrat ekanini qayd etdi.
Shuningdek, Bahrom Norqobilov qidiruv-qutqaruv ishlarida ishtirok etgan xodimlarga tuman aholisi nomidan samimiy minnatdorlik bildirib, ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.









