Pilla mavsumiga start berildi
2026-04-15 12:30:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida pillachilik sohasidagi navbatdagi mavsumga start berildi. Shu munosabat bilan “Qoraxitoy” mahallasi Buloq ko‘chasi 17-uyda yashovchi Shuhrat Telaboyev xonadonida amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, “Agropilla” mas’ul xodimlari, fermerlar, pillachilik bilan shug‘ullanuvchi kasanachilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Seminar davomida mutaxassislar tomonidan pillani parvarishlashning zamonaviy usullari, qurtlarni to‘g‘ri oziqlantirish, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etish hamda yuqori hosildorlikka erishish omillari yuzasidan batafsil tushunchalar berildi. Shu bilan birga, ishtirokchilarga pillachilikni samarali tashkil etishga oid maxsus yo‘riqnomalar tarqatildi.
Tadbirda tumanda faoliyat yuritayotgan ilg‘or pillakorlarning samarali mehnati alohida e’tirof etildi. Ularning ish tajribasi boshqa ishtirokchilar uchun namuna sifatida ko‘rsatilib, sohada yuqori natijalarga erishish mumkinligi amalda namoyon etildi.
Shuningdek, nuroniylar ishtirokida ezgu niyatlar bildirilib, yangi mavsumda pilla hosilining mo‘l va barakali bo‘lishi tilab duolar qilindi.
Tadbir yakunida shaxsan tuman hokimi tomonidan bir qator fermer va kasanachilarga pilla qutilari topshirildi. Bu esa yangi mavsumni uyushqoqlik bilan boshlash, aholi bandligini ta’minlash va daromad manbalarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.





