"Qiziloy" va "Susam"da nima gap?
2026-04-10 18:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida “Obod mahalla – obod ko‘cha – obod xonadon” tamoyili asosida “og‘ir” toifaga kiritilgan mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar doimiy nazoratda bo‘lib, hududlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar bosqichma-bosqich davom etmoqda.
Shu maqsadda, Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov tuman mas’ullari bilan birgalikda “Qiziloy” va “Susam” mahallalarida bo‘lib, ushbu hududlarda olib borilayotgan qurilish, ta’mirlash va obodonlashtirish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi.
Dastlab tuman rahbari “Qiziloy” mahallasidagi ma’muriy bino qurilish-ta’mirlash jarayonini ko‘zdan kechirdi. Qurilish ishlarining sifatli va belgilangan muddatlarda yakunlanishi muhim ekani ta’kidlanib, bino atrofini obodonlashtirish, uni zamonaviy va ko‘rkam maskanga aylantirish yuzasidan aniq tavsiyalar berildi. Shuningdek, mahallaning markaziy ko‘chasida piyodalar yo‘lakchasi barpo etish masalasi muhokama qilinib, bu aholi xavfsizligi va qulayligi uchun muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Tashrif davomida mahalla binosi yonidagi bo‘sh turgan yer maydonidan samarali foydalanish bo‘yicha ham takliflar bildirildi. Xususan, ushbu hududda mahalla guzari, mini stadion hamda kutubxona qurish orqali aholi, ayniqsa, yoshlar uchun yanada qulay ijtimoiy muhit yaratish masalasi ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mahallada ekilgan daraxt ko‘chatlarini parvarishlash, ularni saqlash va yashil hududlarni kengaytirish yuzasidan zarur ko‘rsatmalar berildi. Tuman hokimi mahalla “yettiligi” bilan muloqot qilib, hududni kambag‘allik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holatini o‘rgandi hamda bu boradagi faoliyatni yanada kuchaytirish bo‘yicha tavsiyalar bildirdi.
Shundan so‘ng, tuman rahbari “Susam” mahallasida bo‘lib, bu yerdagi mahalla binosida olib borilayotgan kapital ta’mirlash ishlari bilan tanishdi. Ta’mirlash jarayonida binodan faqat ma’muriy idora sifatida emas, balki aholiga keng qamrovli xizmat ko‘rsatuvchi markaz sifatida foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Ayniqsa, binoda o‘quv markazi tashkil etish orqali mahalla aholisi, yoshlar va xotin-qizlar uchun yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha muhim takliflar ilgari surildi.
Tuman hokimi “Susam” mahallasi “yettiligi” bilan ham uchrashib, ularning faoliyati, aholi murojaatlari bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal etish borasidagi ishlarini tahlil qildi. Mahalla tizimida samaradorlikni oshirish, aholi bilan muloqotni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli tavsiyalar berildi.
Mazkur tashriflar davomida har ikki mahallada amalga oshirilayotgan ishlar “og‘ir” toifadagi hududlarni yangi qiyofaga keltirish, aholi turmush sharoitini yaxshilash va mahallalarni obod hamda farovon maskanlarga aylantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.









