"Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasida OAV vakillari uchun press-tur tashkil etildi
2026-04-10 15:35:00 / Press-tur

Ohangaron tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan keng jamoatchilikni tanishtirish maqsadida, tuman hokimligi Axborot xizmati tashabbusi bilan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi. Ushbu tadbir orqali jurnalistlar va blogerlar hududda amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlarini bevosita joyiga chiqqan holda kuzatish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
“Yashil makon” loyihasining 2026-yil bahorgi mavsumi uchun Ohangaron tumanida 491 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan edi. Amalda esa bu ko‘rsatkich ortig‘i bilan bajarilib, bugungi kunga qadar tuman bo‘yicha jami 557 ming tup daraxt ko‘chatlari o‘tqazildi.
Ekilgan ko‘chatlarni muntazam parvarish qilish maqsadida, hududlarda zarur infratuzilma ishlari ham amalga oshirildi. Xususan, 20 ta tik quduq qazilib, suv chiqarildi, shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etildi. Bu esa ko‘chatlarning barqaror o‘sishi va parvarishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Press-tur ishtirokchilari A-373 magistral yo‘li bo‘ylab barpo etilgan “yashil bog‘”lar bilan ham tanishdilar. Mazkur hududlarda respublika, viloyat va tuman miqyosidagi tashkilotlar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan maydonlarda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilib, yangi yashil hududlar yaratilgan. Bu bog‘lar nafaqat ekologik muhitni yaxshilash, balki yo‘l atrofiga yanada ko‘rkam qiyofa bag‘ishlashga xizmat qilmoqda.
Tadbir davomida sohadagi mas’ul mutasaddilar, ekologlar va loyiha ijrochilari ishtirokida intervyular tashkil qilinib, amalga oshirilayotgan ishlar, kelgusi rejalar hamda yashil hududlarni kengaytirish bo‘yicha belgilangan vazifalar haqida batafsil ma’lumotlar berildi.
Mazkur press-tur “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Ohangaron tumanida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni keng jamoatchilikka xolis va ochiq tarzda yetkazish, aholini ekologik tashabbuslarga keng jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi.









