Yoshlar bilan davra suhbati tashkil etildi
2026-04-09 15:30:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda harbiy kasbga qiziqishni oshirish hamda yurtimiz chegaralari daxlsizligini ta’minlashdek muqaddas vazifaning ahamiyatini keng targ‘ib etish maqsadida, navbatdagi ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Ohangaron tuman hokimligi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseyi hamkorligida o‘tkazilgan davra suhbatida tuman yoshlari, ta’lim muassasalari vakillari hamda soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Tadbirda tuman hokimining chegara masalalari bo‘yicha yordamchisi G‘anisher Navro‘zov so‘zga chiqib, mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, ayniqsa, davlat chegaralarini ishonchli muhofaza qilish, chegara xavfsizligini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlar haqida atroflicha to‘xtaldi. U o‘z nutqida Vatan sarhadlarini qo‘riqlash har bir fuqaroning yuksak mas’uliyati ekanini ta’kidlab, yoshlarni yurt tinchligi va xavfsizligini asrashdek sharafli burchga sadoqat bilan yondashishga chaqirdi.
Shuningdek, “Yosh chegarachilar” harbiy akademik litseyi direktori o‘rinbosari Sherzod Omonov litsey faoliyati, u yerda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayoni va kursantlar uchun mavjud imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berdi. U litsey nafaqat harbiy bilim berish, balki yoshlarni jismonan va ma’nan yetuk, intizomli kadrlar etib tarbiyalashda muhim o‘rin tutishini qayd etdi.
Davra suhbati davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan javob olib, harbiy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish tartibi, talab va imkoniyatlar haqida keng ma’lumotga ega bo‘lishdi.






