Ohangaron tumanida "Rahbar va yoshlar uchrashuvi" tadbiri o‘tkazildi
2026-04-02 17:05:00 / Yangiliklar

Payshanba — yoshlar kuni munosabati bilan Ohangaron tumanida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda tuman hokimi Bahrom Norqobilov hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot tashkil etilib, ularning fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari tinglandi. Rahbarlar tomonidan yoshlarni ilm-fanga qiziqtirish, izlanish va o‘z ustida ishlash, zamonaviy kasb-hunarlarni egallash, sport bilan muntazam shug‘ullanish, ayniqsa, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Ochiq muloqot jarayonida yoshlar tomonidan bildirilgan murojaatlar atroflicha ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati bo‘yicha shu joyning o‘zida amaliy yechimlar belgilab olindi. Bu esa yoshlarning muammolariga tezkor va manzilli yondashuv ta’minlanayotganidan dalolat beradi.
Tadbir davomida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan, "Yoshlar daftari" ro‘yxatida turgan bir qator yoshlarga tuman hokimi tomonidan oliy ta’lim muassasalarida o‘qish uchun kontrakt to‘lovlarini qoplash maqsadida vaucherlar topshirildi.
Shuningdek, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari tomonidan tuman Axborot-kutubxona markazi fondini boyitish maqsadida qimmatli kitoblar to‘plami taqdim etildi. Bu esa yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ‘ib etishga xizmat qiladi.
Tadbir yakunida esa tuman yoshlar yetakchilariga Besh tashabbus olimpiadasi musobaqalarini yuqori saviyada tashkil etishlari uchun zarur bo‘lgan sport inventarlari topshirildi.







