Holatga huquqiy baho beriladi
2026-03-05 13:05:00 / Rasmiy munosabat

EKOLOG.UZ| RU telegram kanalida Ohangaron tumanining "Qorasuvyoqa" mahallasida ko‘p yillik manzarali daraxtlarning noqonuniy kesilganligi to‘g‘risida tanqidiy post joylangan. Ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Xususan, Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining xabariga ko‘ra, Ohangaron tumani "Qorasuvyoqa" MFY hududidagi 11,5 gektar yer maydonida 100 dan oshiq ko‘p yillik manzarali daraxtlar va butalar g‘ayriqonuniy tarzda kesilgani aniqlangan.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tadbirda Ohangaron tumanining “Qorasuvyoqa” mahalla hududida “F.A.B.” fermer xo‘jaligi tomonidan 11,5 gektar yer maydonida 100 dan oshiq ko‘p yillik manzarali daraxtlar va butalar g‘ayriqonuniy tarzda kesilgani hamda ildiz qismi bilan qo‘porib ko‘mib tashlangani ma’lum bo‘lgan.
O‘rganish davomida 59 tup daraxtning ildiz qismi aniqlanib, tegishli tartibda hududga ildiz qismlari yo‘q qilib yuborilmasligi uchun faollar jalb qilinib, navbatchilik ishlari olib borilgan.
Huquqbuzarlik oqibatida Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 22-avgustdagi 464-sonli qaroriga ko‘ra, tabiatga 1 milliard 463 million 12 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlangan.
Ma’lumot uchun, qarorga ko‘ra, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy davrida daraxtlar va butalarga yetkazilgan zarar miqdori ikki baravarga oshirilgan.
Holatga huquqiy baho berish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhoza qilish organlariga yuborilgan.
