Yoshlarning tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
2026-03-27 15:00:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida yoshlarning innovatsion g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish hamda zamonaviy loyihalarni amaliyotga joriy etishga qaratilgan ishlar davom etmoqda.
Xususan, tuman hokimi o‘rinbosari Jamshid Latipov yoshlar tomonidan shakllantirilgan startap va tijoratlashtirish loyihalari bilan tanishdi. Uchrashuv davomida taqdim etilgan loyihalar tahlil qilinib, ularning dolzarbligi, innovatsion yangiligi, iqtisodiy samaradorligi hamda kelgusida erishilishi mumkin bo‘lgan natijalar atroflicha muhokama qilindi.
Alohida ta’kidlanganidek, yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularni amaliy natijaga yo‘naltirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish, iqtisodiyot tarmoqlariga zamonaviy yechimlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega.
Uchrashuv davomida ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, sanoat va qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlaridagi istiqbolli loyihalarni amalga tatbiq etish, prototip loyihalarini amaliyotga joriy qilish hamda ularni tegishli korxona va tashkilotlar bilan bog‘lash orqali rivojlantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, har payshanba — Yoshlar kuni doirasida tuman yoshlari bilan muntazam ravishda innovatsion loyihalarni shakllantirish, ularni qo‘llab-quvvatlash va muammolarini hal etishga qaratilgan uchrashuvlarni tashkil etishga kelishib olindi.



