OHANGARON TUMANIDA ZAMONAVIY LABORATORIYA FAOLIYATI YO‘LGA QO‘YILADI
2026-03-27 14:55:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida aholi salomatligini muhofaza qilish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash hamda turli sohalarda sifat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan muhim loyiha amalga oshirilmoqda.
Xususan, tuman sanitariya-epidemiologiya bo‘limida zamonaviy, keng qamrovli laboratoriyani tashkil etish ishlari yakuniga yetkazilmoqda. Ushbu laboratoriyaning ishga tushirilishi hududdagi sanitar holatni yanada yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash va tezkor tahlillar o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Yangi laboratoriyada quyidagi yo‘nalishlarda tekshiruv va tahlil ishlarini amalga oshirish imkoniyati yaratiladi:
— yerning holati va balansiga oid tahlillar;
— ichimlik va texnik suvning yaroqlilik darajasini aniqlash;
— atrof-muhitdagi shovqin (tovush) me’yorlariga rioya etilishini o‘rganish;
— havoning ifloslanish darajasini baholash;
— oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini tekshirish;
— qurilish sohasi, shuningdek qishloq xo‘jaligi (fermerlik va chorvachilik) yo‘nalishlarida laboratoriya nazoratlarini olib borish.
Laboratoriyani zamonaviy uskunalar bilan jihozlash uchun 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu esa tahlillarni yuqori aniqlikda, tezkor va ishonchli tarzda amalga oshirish imkonini beradi.
Mazkur laboratoriya kelasi haftada rasman faoliyat boshlaydi.



