Navro‘z – birdamlik, mehr-oqibat va milliy qadriyatlar timsoli
2026-03-24 15:50:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida bahorning eng ulug‘ va qadrli bayramlaridan biri – Navro‘z umumxalq bayrami keng nishonlandi. Jumladan, tumanning “Qoraxitoy” mahallasida joylashgan “Buloq” ziyoratgohida o‘tkazilgan tantanali tadbir aholi uchun haqiqiy bayramona kayfiyat ulashdi.
Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni ushbu qutlug‘ ayyom bilan samimiy muborakbod etdi. Tuman rahbari nutqida Navro‘z azal-azaldan xalqimizning ezgu orzu-intilishlari, mehr-oqibat va bag‘rikenglik kabi yuksak fazilatlarini o‘zida mujassam etgan bayram ekanini alohida ta’kidladi. Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, aholi farovonligini oshirish yo‘lidagi ezgu ishlar xalqimiz birdamligi va mehnati bilan yanada yuksak samaralar berishiga ishonch bildirdi.
Bayram tadbiri doirasida tumandagi korxona va tashkilotlar tomonidan milliy an’analarimizga mos holda bezatilgan pavilonlar tashkil etildi. Ularda xalqimizga xos bo‘lgan turli milliy taomlar tayyorlanib, mehmonlarga taqdim etildi. Milliy urf-odat va qadriyatlarni aks ettiruvchi ko‘rgazmalar bayramning mazmun-mohiyatini yanada boyitdi.
Ayniqsa, nuroniylarga ko‘rsatilgan yuksak ehtirom va e’tibor tadbirning eng ta’sirli jihatlaridan biri bo‘ldi. Ularga alohida e’tibor qaratilib, ezgu duolari olindi.
Tantanalar davomida tuman Madaniyat bo‘limi hamda taniqli san’atkorlar ishtirokida katta gala-konsert dasturi namoyish etildi. Qo‘shiq va raqslar, milliy chiqishlar bayram ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, Navro‘zning fayzu tarovati yanada yaqqol namoyon bo‘ldi.
