Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali tadbirda so‘zlagan N U T Q I
2026-03-24 14:10:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Assalomu alaykum, hurmatli tumanimiz ahli!
Qadrli mehmonlar!
Barchangizni ko‘hna va hamisha navqiron, qalblarga shodlik va umid bag‘ishlovchi ulug‘ ayyom — Navro‘z umumxalq bayrami bilan samimiy muborakbod etaman!
Navro‘zning mazmun-mohiyati juda keng va serqirradir. Bu — tarixan uzoq asrlarga borib taqaladigan, xalqimizning azaliy milliy an’analari, boy ma’naviy qadriyatlari va ezgu orzu-niyatlarini o‘zida mujassam etgan ulug‘ bayramdir. Navro‘z — ajdodlarimizning hayotiy tajribasi, tabiat bilan uyg‘unlikda yashash falsafasi va mehnatga bo‘lgan ehtiromining yorqin ifodasidir.
Navro‘z — bu, avvalo, bahor, yangilanish va yaratuvchanlik timsolidir. Bu fasl bilan tabiat uyg‘onadi, yer yuzi yashillikka burkanadi, qalblarimizga iliqlik va umid kirib keladi. Qishning sinovli kunlaridan so‘ng, tabiatdagi bu uyg‘onish inson ruhiyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatib, yangi marralar sari intilishga ilhom baxsh etadi.
Ushbu qutlug‘ ayyomda yurtimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik tuyg‘ulari yanada yuksaladi. Ehtiyojmand va kam ta’minlangan oilalar holidan xabar olish, keksalarni e’zozlash, bemorlarga ko‘mak berish kabi ezgu amallar xalqimizning azaliy fazilati sifatida namoyon bo‘ladi. Bu — birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlaydigan, jamiyatimizda mehr va bag‘rikenglik muhitini kuchaytiradigan muhim omildir.
Navro‘z ayyomida milliy taomlarimiz — sumalak, halim kabi qadimiy an’analarimizga xos taomlar tayyorlanib, xalq sayillari, madaniy va ma’naviy tadbirlar tashkil etiladi. Bu jarayonlarda barcha avlod vakillari bir joyga jam bo‘lib, hamjihatlik va ahillik muhitida bayramni ko‘tarinki kayfiyatda nishonlaydi. Bu esa xalqimizning bir tanu bir jon bo‘lib yashashi, bir-biriga bo‘lgan hurmat va ehtiromini yanada mustahkamlaydi.
Ayni paytda, Navro‘z — dehqonchilik mavsumining boshlanishi hamdir. Yerga urug‘ qadash, mo‘l hosil uchun duo qilish, mehnatga bel bog‘lash kabi an’analar bu bayramning mazmun-mohiyatini yanada boyitadi. Bu — inson va tabiat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni ifoda etuvchi, mehnat va barakaning qadrini anglatuvchi muqaddas ayyomdir.
Aziz yurtdoshlar!
Muhtaram Prezidentimizning “2026 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq, bu yilgi bayram tantanalari “Navro‘zni ulug‘lash — insonni ulug‘lashdir!” degan ezgu g‘oya ostida yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda. Ushbu g‘oyaning ilgari surilishida juda katta mazmun-mohiyat mujassamdir. Zero, yurtimizda amalga oshirilayotgan xalqchil islohotlar sababli inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlash, xalqimiz farovonligini yuksaltirish, jamiyatimizda tinchlik, do‘stlik va hamjihatlik muhitini, ijtimoiy adolatni ta’minlash yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan hamohang tarzda qadimiy tarix va an’analarga ega bo‘lgan sharqona yangi yil bayrami — Navro‘zi olamning insonparvarlik, bag‘rikenglik, saxovat va mehr-oqibat kabi mohiyati bugungi kundagi islohotlarimiz bilan yanada uyg‘unlashmoqda.
Barchangizga ma’lumki, tumanimizda barcha sohalarda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtboshimiz tomonidan joriy yilning “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilinishi bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirishga xizmat qilmoqda. Mahallalarda obodonlashtirish, infratuzilmani yaxshilash, aholi turmush sharoitini yuksaltirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tumanimiz hududida ko‘chat ekish, yashil hududlarni kengaytirish, ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlar izchil amalga oshirilmoqda. Har bir mahallada minglab daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, bu ishlar aholining faol ishtiroki bilan umumxalq harakatiga aylanmoqda. Bu ezgu tashabbus kelajak avlodlar uchun sog‘lom va musaffo muhit yaratishga xizmat qiladi.
Aziz do‘stlar!
Bu yil oldimizga ulkan marralarni qo‘yib, tumanimizda ko‘plab ishlarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.
Jumladan, 2026 yilda tumanda mahallalar infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida, 31 ta mahallada 80 km.dan ortiq uzunlikdagi ichki ko‘chalar ta’mirlanadi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida, 100 km. masofada suv quvurlarini tortish ishlari olib boriladi. Natijada, 958 ta xonadon ilk marotaba ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 1640 ta xonadonda ta’minot yaxshilanadi. Shuningdek, joylarda 14 ta suv nasosi yangilanadi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida esa mahallalarda 6 ta transformator, 1600 ta temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, 40 km. uzunlikdagi elektr simlarini tortish ishlari olib boriladi. Shuningdek, 2026 yil investitsiya dasturiga muvofiq, 18 ta loyiha doirasida 191 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshiriladi.
2026 yilda 6 ta loyiha doirasida 250 mln. dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilishi hamda 853 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Innovatsion ishlab chiqarish hajmini 12 foizga oshirish asosiy maqsadlardan etib belgilangan bo‘lib, bu borada joriy yilda 15 ta innovatsion loyiha amalga oshriladi.
Bu borada tumanimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 12,8 trln. so‘m, xizmat ko‘rsatish hajmi qariyb 1 trln. so‘m, qishloq xo‘jaligi sohasida 2,2 trln. so‘m, qurilish yo‘nalishida esa 1,1 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining g‘allachilik, polizchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik loyihalari asosida hamda aholi tomorqalaridan samarali va kengroq foydalanishni rivojlantirish orqali ichki bozorlarni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, oziq-ovqat xavfsizligini, narx-navo barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Jumladan, joriy yilda 47 000 tonna g‘alla, 420 000 tonna meva mahsulotlari, 64 600 tonna poliz mahsulotlari, 17 600 tonna go‘sht, 64 900 tonna sut ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, bugungi kundagi islohotlarimizning asosida inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning hayotdan rozi bo‘lib yashashini ta’minlashdek ezgu maqsad mujassamdir. Bu borada har birimiz shu aziz Vatanimiz taraqqiyotiga dahldorlik hissini tuyib, islohotlarga o‘z hissamizni qo‘shishimiz zarur.
Tuman rahbari sifatida oldimizga qo‘yilgan vazifalarni ado etishda Siz – aziz ohangaronliklar bilan birgalikda hamjihatlikda mehnat qilib, yanada yuksak marralarni egallashimizga ishonaman. Bu yo‘lda birdamlik, fidoyilik va mas’uliyat bilan harakat qilsak, albatta, tumanimizning taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqamiz.
Qadrli tumandoshlar!
Fursatdan foydalanib, barchangizni yana bir bor ushbu qutlug‘ ayyom — Navro‘z bayrami bilan samimiy tabriklayman!
Yurtimizda tinchlik va osoyishtalik barqaror bo‘lsin, xonadonlarimizga fayz va baraka yog‘ilsin, har bir oilaga baxt-saodat, farovonlik va omad yor bo‘lsin!
Navro‘z bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!
