Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning bayram tabrigi
2026-03-21 07:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar!
Siz – azizlarni qadimiy va hamisha navqiron Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan samimiy muborakbod etaman.
Navro‘z bu – azaliy milliy an’analarimiz, boy qadriyatlarimiz va ezgu orzu-niyatlarimizni o‘zida mujassam etgan ulug‘ ayyomdir. U bahor, yangilanish va yaratuvchanlik timsoli sifatida yurtimizga fayz va baraka olib kiradi.
Ushbu qutlug‘ kunda yurtimizda mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik tuyg‘ulari yanada yuksaladi. Ehtiyojmand oilalar holidan xabar olish, keksalarni e’zozlash, mehr-muruvvat ko‘rsatish xalqimizga xos oliy fazilat sifatida namoyon bo‘ladi.
Navro‘z ayyomida milliy taomlarimiz – sumalak, halimlar pishirilib, xalq sayillari, madaniy va ma’naviy tadbirlar o‘tkazilishi orqali xalqimiz bir tanu bir jon bo‘lib, bayramni ko‘tarinki ruhda nishonlaydi.
Ayni paytda, Navro‘z – dehqonchilik mavsumining boshlanishi hamdir. Yerga urug‘ qadash, mo‘l hosil uchun duolar qilish, mehnatga bel bog‘lash kabi ezgu an’analar bu bayramning mazmun-mohiyatini yanada boyitadi.
Aziz yurtdoshlar!
Sizlarni yana bir bor Navro‘z bayrami bilan tabriklab, barchangizga mustahkam sog‘lik, xonadonlaringizga tinchlik-osoyishtalik, fayzu baraka va to‘kin-sochinlik tilayman. Yurtimizda doimo osoyishtalik, xalqimiz orasidagi birdamlik va ahillik abadiy bo‘lishini tilab qolaman.
Navro‘z bayrami barchangizga muborak bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Bahrom Norqobilov, Ohangaron tumani hokimi.
