Holatga aniqlik kiritildi
2026-03-18 12:55:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda qishloq joydagi to‘y marosimi aks etgan videomaterial keng tarqalib, unda kadr ortidan nikohlanuvchilar 10-sinf o‘quvchilari ekanligi haqida ma’lumot berilgan.
Shuningdek, Instagram ijtimoiy tarmog‘ida joylangan mazkur video ostidagi izohlardan birida ushbu holat Tanga topdi qishlog‘ida sodir bo‘lgani haqida fikr bildirilgan.
Ohangaron tumani “Chetsuv” mahallasi hududida Tanga topdi qishlog‘i mavjudligi inobatga olinib, mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida, Mahallalar uyushmasi tuman bo‘limi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganishlar natijasida videodagi holat Ohangaron tumani “Chetsuv” mahallasi hududidagi Tanga topdi qishlog‘ida sodir bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, Ohangaron tumanida mutasaddi tashkilotlar tomonidan muntazam ravishda erta nikohlarning oldini olish, yoshlarning huquqiy ongini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.

