Yettinchi chaqiriq Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashining navbatdagi 23-sessiyasi bo‘lib o‘tdi
2026-03-17 13:25:00 / Yangiliklar

Sessiya ishida bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–48-sonli Qarori ijrosini ta’minlash doirasida Ohangaron tumanida amalga oshirilishi belgilangan chora-tadbirlar yuzasidan axborot tinglandi. Unda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini takomillashtirish, boshqaruv tashkilotlari faoliyatini yanada samarali yo‘lga qo‘yish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar muhokama qilindi.
Shuningdek, sessiyada Ohangaron tumani mahalliy budjetining 2025-yil yakuniy ijrosi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilib, yil davomida budjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish, ijtimoiy sohalarni moliyalashtirish, hududni rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi.
Navbatdagi masala sifatida 2026-yil boshiga shakllangan mahalliy budjetning erkin qoldiq mablag‘larini ustuvor yo‘nalishlarga yo‘naltirish masalasi muhokama etildi.
Sessiya kun tartibidan o‘rin olgan yana bir masala Ohangaron tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining 2025-yil davomida amalga oshirgan faoliyati yuzasidan hisoboti bo‘ldi. Markaz tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish, ehtiyojmand oilalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi.
Muhokamalar yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan Xalq deputatlari tuman Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.






