Tadbirkor va fermerlar uchun amaliy seminar tashkil etildi
2026-03-06 11:10:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumanida tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishning afzalliklari mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Tadbir avvalida tuman hokimi Bahrom Norqobilov so‘zga chiqib, bugungi kunda yurtimizda tadbirkorlar va fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirish uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, zamonaviy talablardan kelib chiqib, xususan, quyosh energiyasidan samarali foydalanish, tadbirkorlik subyektlari va fermer xo‘jaliklari faoliyatida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish zarurligiga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Tuman rahbari, ayniqsa, suv nasoslaridan foydalanuvchi tadbirkorlar va fermerlar uchun quyosh panellarini o‘rnatish yuqori iqtisodiy samara berishi, elektr energiyasi xarajatlarini kamaytirishi va ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashini qayd etdi.
O‘z navbatida, tuman prokurori Faxriddin Mirzayev mazkur yo‘nalishda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi. Shuningdek, ayrim tadbirkorlar va fermerlar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun kredit mablag‘lari ajratilgan bo‘lsa-da, ushbu imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmayotgani tanqidiy muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, quyosh panellarini o‘rnatish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki energiya va suv resurslaridan oqilona foydalanish, atrof-muhitni muhofaza qilishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Seminar davomida sohadagi zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqaruvchi korxonalar o‘z mahsulotlari va uskunalari bilan ishtirok etdi. Shuningdek, bank tizimi vakillari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalari va suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun ajratilayotgan imtiyozli kreditlar hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javoblar olib, ushbu yo‘nalishdagi imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar olishdi.







