“Yangi hayot” mahalla aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-03-05 14:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov “Yangi hayot” mahallasi aholisi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, Xalq deputatlari Ohangaron tuman Kengashi raisi Ibrohim Rahmonov ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida dastlab joriy yilning 20-yanvar kuni ushbu mahalla aholisi bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda bildirilgan murojaatlar ijrosi atroflicha tahlil qilindi. Aholi tomonidan ko‘tarilgan masalalarning hal etilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar muhokama qilinib, ayrim murojaatlarni ijobiy hal etishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddi rahbarlar keskin ogohlantirildi. Shu bilan birga, mavjud muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish yuzasidan tegishli vazifalar belgilab berildi.
Uchrashuv davomida aholining fikr-mulohazalari, taklif va murojaatlari ham tinglanib, ularning yechimi yuzasidan mas’ul tashkilotlarga aniq topshiriqlar berildi.
Shu bilan birga, topshiriqlarning ijrosi ustidan deputatlik korpusi orqali qat’iy nazorat o‘rnatilishi lozimligi ta’kidlandi.




