Qishloq xo‘jaligi masalalari muhokama qilindi
2026-03-05 08:40:00 / Yangiliklar

Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov raisligida qishloq xo‘jaligi kompleksi tarkibiga kiruvchi bo‘limlar rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tumanda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilinib, ushbu mavsumdagi ustuvor vazifalar yuzasidan atroflicha muhokamalar o‘tkazildi.
Yig‘ilish davomida, avvalo, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishni samarali tashkil etish, ayniqsa, poliz ekinlarini ekish ishlarini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bu borada sifatli va hosildor urug‘liklarni tanlash, yetishtirish jarayonida agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va talab darajasida amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, g‘alla yetishtirishda ilg‘or agrotexnologiyalardan foydalanish orqali yuqori hosildorlikka erishish va bu orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, yig‘ilishda tumanda chorvachilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish, aholini go‘sht va sut mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida, ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, pillachilikni samarali tashkil etish, pilla yetishtirish jarayonlarini puxta rejalashtirish va sohadagi mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilish yakunida tuman hokimi tomonidan muhokama qilingan masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarga aniq vazifa va topshiriqlar berildi. Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ishlarni samarali tashkil etish orqali aholining oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash hamda tarmoqni barqaror rivojlantirish ustuvor vazifa ekani alohida ta’kidlandi.



