Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning tuman yoshlariga murojaati
2026-02-27 09:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz va shijoatli yoshlar!
Xabaringiz bor, Muhtaram Prezidentimiz 2026 yil 24 fevral kuni yoshlar bilan uchrashib, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan muhim muloqot o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda yoshlar bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqish, ularning bilim olishi, kasb egallashi va hayotda o‘z o‘rnini topishi uchun keng imkoniyatlar yaratish bo‘yicha qator amaliy vazifalar belgilab berildi.
Bugun davlat siyosatida yoshlar masalasi eng ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylanmoqda. Endi hokimlar tomonidan yoshlarbop savdo-servis loyihalari tashkil etiladi, yoshlarning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi, kasb va til o‘rganishi, munosib ishga joylashishi yoki tadbirkorlik faoliyatini boshlashi uchun har tomonlama ko‘mak ko‘rsatiladi. Startap g‘oyasiga ega bo‘lgan faol yoshlar bilan doimiy uchrashuvlar o‘tkazilib, ularga alohida mablag‘ va grantlar ajratiladi.
Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilgan yoshlarga garovsiz 20 million so‘mgacha, tadbirkorlik ko‘nikmasiga ega bo‘lib, o‘z biznesini boshlayotganlarga 300 million so‘mgacha, faoliyatini kengaytirish istagidagi yosh tadbirkorlarga esa 2 milliard so‘mgacha kredit mablag‘lari ajratilishi belgilandi. Bu imkoniyatlar — har bir tashabbuskor va intilishi baland yosh uchun katta qadam tashlash imkoniyatidir.
Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishni istagan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash uchun, davlatimiz tomonidan 200 million dollar miqdorida mablag‘ ajratilgani ham sizlarga bo‘lgan e’tiborning yorqin namunasidir.
Yoshlar bilan ochiq muloqotni yanada kuchaytirish maqsadida, Prezidentimiz tomonidan haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” deb e’lon qilindi. Endi har hafta shu kuni hokim boshchiligida tumanimizdagi barcha rahbarlar yoshlar bilan uchrashib, ularning taklif va tashabbuslarini tinglaydi, muammolarini joyida hal etishga alohida e’tibor qaratadi.
Aziz yoshlar!
Sizlar — Ohangaronning buguni va ertasisiz. Zamon talab qilayotgan bilim va kasbni egallash, sport va madaniyatga intilish, yangi g‘oya va loyihalarni ilgari surish — bu nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki tumanimiz taraqqiyotiga qo‘shilgan munosib hissadir. Har biringizni faol bo‘lishga, yaratuvchanlikka, tashabbuskorlikka chorlayman.
Tuman hokimligi sizlarning barcha ezgu tashabbuslaringizni qo‘llab-quvvatlashga tayyor. G‘oyangiz, muammo yoki taklifingiz bo‘lsa, bemalol murojaat qiling — biz doimo siz bilan birgamiz.
Ishonchim komilki, bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlarimiz bilan Vatanimizning kelajagi yanada porloq bo‘ladi.
Hurmat bilan,
Bahrom Norqobilov, Ohangaron tumani hokimi.
