Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning tuman aholisi hamda korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga MUROJAATNOMASI
2026-02-25 16:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Hurmatli tumandoshlar, korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining 2026 yil bahorgi mavsumiga start berildi. Mazkur tashabbus atrof-muhitni muhofaza qilish, hududlarimizni yanada obod va ko‘rkam qilish, aholi salomatligi uchun qulay ekomuhit yaratishga qaratilgan muhim amaliy harakatlardan biridir.
Joriy yil bahor mavsumida Ohangaron tumanida jami 591 ming tup manzarali va mevali daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan. Bu ezgu ishlarni har bir mahalla, har bir ko‘cha va har bir xonadon ishtirokida, hamjihatlik va uyushqoqlik asosida amalga oshirishimiz zarur.
Ayni damda yurtimizda muborak Ramazon oyi davom etmoqda. Bu oyda ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirish an’ana va qadriyatga aylangan. Ko‘chat ekish ham savobli amal, kelajak avlodga sog‘lom va obod muhit qoldirishga xizmat qiladigan xayrli ishdir. Shu bois, ushbu tadbirlarni ko‘tarinki kayfiyat, faollik va umumiy mas’uliyat bilan o‘tkazish barchamizning burchimizdir.
Shu munosabat bilan, barcha korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlaridan o‘zlariga biriktirilgan hududlarda ko‘chat ekish ishlarini puxta tashkil etishlarini so‘rayman. Avvalgi mavsumlarda ekilib, qurib qolgan ko‘chatlar o‘rniga yangilarini ekish, ularni muntazam parvarishlash, sug‘orish tizimlarini yo‘lga qo‘yish va hududlarni obodonlashtirish ishlariga alohida e’tibor qaratilishi zarur.
Aziz fuqarolar!
Sizlarni ham xonadonlaringiz va tomorqalaringizda daraxt ko‘chatlari ekishda faol bo‘lishga chaqiraman. Shuningdek, mahalla “yettiligi” a’zolari hasharlar tashkil etgan holda mahalla hududlarida ko‘chat ekish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yishlari maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Bugun ekiladigan har bir ko‘chat — ertangi musaffo havo va farovon kelajak demakdir. Keling, birgalikda Ohangaronimizni yanada yashil va go‘zal maskanga aylantiraylik!
Hurmat bilan,
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
