"Shovg‘oz" mahallasi – jinoyatchilik va ajrimlardan holi hudud
2026-02-25 15:45:00 / Yangiliklar

Uchrashuv avvalida mahalla “yettiligi” tomonidan amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotlar eshitildi va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, o‘tgan yil davomida mahalla hududida birorta jinoyat holati qayd etilmagani, shuningdek, nizoli oilalarning mavjud emasligi ishtirokchilar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi. Bu esa mahallada ijtimoiy muhit barqaror ekanini va profilaktik ishlar samarali tashkil etilganini ko‘rsatadi.
Tuman rahbari mahallada aholi bandligini ta’minlash ustuvor vazifa ekanini ta’kidlab, ishsizlikka barham berish, aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha qator tavsiyalar berdi. Ayniqsa, hududning tog‘li sharoiti hisobga olingan holda chorvachilikni rivojlantirish orqali aholi daromadlarini oshirish imkoniyatlari haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, fuqarolarning murojaatlari tinglandi. Aholi tomonidan mahallaga olib boruvchi 9 kilometr uzunlikdagi yo‘lni ta’mirlash, maktab binosini ta’mirlash, yopiq turdagi sport stadioni qurish hamda uy-joylarga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish masalalari ko‘tarildi.
Mutasaddilar tomonidan mazkur masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi. Jumladan, yo‘l va maktab binosini ta’mirlash, shuningdek yopiq turdagi stadion qurilishi ishlari joriy yil dasturiga kiritilgani ma’lum qilindi. Kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish bo‘yicha esa amaldagi aksiya doirasida ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, navbat asosida “Shovg‘oz” mahallasida ham rasmiylashtirish ishlari olib borilishi ta’kidlandi.
Muloqot o‘ta samimiy va ochiq ruhda o‘tdi. Mahalla nuroniylari tomonidan shukronalik so‘zlari bildirilib, tuman hokimining hududga tashrifi va aholi muammolariga e’tibor qaratayotgani alohida ta’kidlandi.



