OAV vakillari uchun “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksida o‘tkazilgan seminar yuzasidan press-tur tashkil etildi
2026-02-20 15:10:00 / Press-tur

2026-yil 20-fevral kuni Ohangaron tumanidagi “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksida “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar bilan belgilab berilgan imtiyozlar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘znaslchilik korxonasi direktori, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi olimlari, sohaviy mutaxassislar hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarni tuman hokimi Bahrom Norqobilov ochib berdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirish hamda sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qarorlar va yaratilayotgan imtiyozlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajribani o‘rganish orqali mahsuldorlikni oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Seminar davomida olimlar va mutaxassislar tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Jumladan, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishda ilmiy yondashuvning ahamiyati, naslchilik ishlarini takomillashtirish, sun’iy urug‘lantirish texnologiyalarini keng joriy etish, xorijdan naslli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish, xorijiy moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan fermerlar uchun amaliy tavsiyalar berildi, sohada uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan mazkur kompleksda bugungi kunda 400 boshdan ortiq buqa va 2800 bosh qo‘y parvarishlanmoqda.
Kompleksda zamonaviy parvarish usullari joriy etilgan bo‘lib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratilgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminarni keng yoritish maqsadida, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar kompleksning ish jarayoni, yaratilgan sharoitlar va qo‘llanilayotgan texnologiyalar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumotlar oldilar.









