Ohangaron tumanida “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar bilan belgilab berilgan imtiyozlar” mavzusida o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar to‘g‘risida PRЕSS-RЕLIZ
2026-02-20 14:55:00 / Press-relizlar

Ohangaron tumanidagi “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksida “O‘zbekiston Respublikasida chorvachilik va uning tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha qarorlar bilan belgilab berilgan imtiyozlar” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov, O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘znaslchilik korxonasi direktori, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy ishlab chiqarish markazi olimlari, sohaviy mutaxassislar hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Seminarni tuman hokimi Bahrom Norqobilov ochib berdi. U o‘z so‘zida mamlakatimizda chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, naslchilik bazasini mustahkamlash, yuqori mahsuldor zotlarni ko‘paytirish hamda sohada tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida qabul qilingan qarorlar va yaratilayotgan imtiyozlar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, sohada ilmiy yondashuvni kuchaytirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish va xalqaro tajribani o‘rganish orqali mahsuldorlikni oshirish bugungi kunning ustuvor vazifalaridan hisoblanadi.
Seminar davomida olimlar va mutaxassislar tomonidan qator dolzarb mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Jumladan, chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirishda ilmiy yondashuvning ahamiyati, naslchilik ishlarini takomillashtirish, sun’iy urug‘lantirish texnologiyalarini keng joriy etish, xorijdan naslli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitga moslashtirish, xorijiy moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mutaxassislar tomonidan fermerlar uchun amaliy tavsiyalar berildi, sohada uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar “Agro Eko Farm” MCHJ chorvachilik kompleksi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bo‘rdoqichilikka ixtisoslashgan mazkur kompleksda bugungi kunda 400 boshdan ortiq buqa va 2800 bosh qo‘y parvarishlanmoqda.
Kompleksda zamonaviy parvarish usullari joriy etilgan bo‘lib, 15 ta yangi ish o‘rni yaratilgani aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Seminarni keng yoritish maqsadida, ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi. Jurnalistlar kompleksning ish jarayoni, yaratilgan sharoitlar va qo‘llanilayotgan texnologiyalar bilan tanishib, mutaxassislardan batafsil ma’lumotlar oldilar.
Ma’lumot uchun:
Ohangaron tumanida qishloq xo‘jaligi umumiy yer maydoni 119 ming gektar shundan: suvli 19 ming gektar, lalmi 11 ming gektar, yaylov 89 ming gektarni tashkil etadi.
Tumanda bugungi kunda chorvachilik tarmoqlarida jami 327 ta shundan: 205 ta fermer xo‘jaliklari va 122 ta MCHJlar bo‘lib, shundan qoramolchilikda 68 ta, qo‘y-echkichilikda 221 ta, yilqichilikda 6 ta, parrandachilikda 10 ta, baliqchilikda 16 ta, asalarichilikda 1 ta xo‘jaliklar faoliyat yuritmoqda.
Ushbu chorvachilik korxonalariga 87 ming 576 gektar shundan: 7996 gektar suvli, 6856 gektar lalmi va 69 ming865 gektar yaylov yerlar ajratilgan.
Chorvachilik yo‘nalishidagi fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami qoramollar soni 21,5 ming bosh shundan: sigirlar 3,8 ming bosh, qo‘y va echkilar 181 ming bosh, otlar 4,4 ming bosh, parrandalar 1,4 mln boshni tashkil etadi.
Chorvachilik subyektlari tomonidan 2025-yilda go‘sht 8,2 ming tonna, sut 8 ming tonna, tuxum 86,6 mln.dona, baliq 40,7 tonna, asal 10,6 tonna yetishtirilgan.
Joriy yil uchun jami umumiy qiymati 848 mlrd. so‘mlik 59 ta loyiha rejalashtirilgan bo‘lib, chetdan naslli 6350 bosh qoramol va 2961 bosh qo‘y hamda 816 ming bosh naslli parranda olib kelinadi.
Qoramolchilikda 5,6 mlrd. so‘mlik 19 ta, qo‘ychilikda 26 mlrd. so‘mlik 20 ta, yilqichilikda 3 mlrd. so‘mlik 2 ta, parrandachilikda 812 mlrd. so‘mlik 6 ta, baliqchilikda 1mlrd. so‘mlik 1 ta, asalarichilikda 660 mln. so‘mlik 10 ta, sut mahsulotini qayta ishlash 550 mln. so‘mlik 1 taloyiha shakllantirilgan va yil yakuniga qadar ishga tushiriladi.
