Xodimlar qat’iy ogohlantirildi
2026-02-19 21:30:00 / Rasmiy munosabat

Facebook ijtimoiy tarmog‘ida “Nurobod” mahallasi hududida daydi itlarni ovlash jarayoni aks etgan videolavhalar tarqaldi. Unda ayrim xodimlar tomonidan jonivorlarga nisbatan qattiq munosabatda bo‘lingan holatlar kuzatilgan. Holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
“Nurobod” mahallasi aholisi tomonidan so‘nggi vaqtlarda daydi itlar soni keskin ko‘payib ketgani bo‘yicha tuman hokimligi va tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaatlar kelib tushgan. Murojaatlarda daydi itlar fuqarolar, ayniqsa, yosh bolalar uchun xavf tug‘dirayotgani, ularning maktabgacha ta’lim muassasalari hududiga kirib borayotgani, chiqindilarni sochib, sanitariya holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani hamda turli kasalliklar tarqalish xavfi mavjudligi bildirilgan.
Fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida, tuman Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan amaldagi tartib-qoidalar asosida daydi itlarni ovlash tadbiri tashkil etilgan.
Afsuski, tadbirlar davomida ayrim xodimlar tomonidan jonivorlarga nisbatan nomunosib va keskin munosabatda bo‘lishgan.
Mazkur holat yuzasidan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi mas’ullari ishtirokida xodimlar bilan muhokama o‘tkazildi. Unda jonivorlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lmaslik, belgilangan veterinariya va sanitariya talablariga qat’iy rioya etish bo‘yicha qo‘shimcha yo‘riqnomalar berildi. Mas’ul xodimlar qat’iy ogohlantirildi.
Kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha nazorat choralari kuchaytirildi.



