Ramazon oyini munosib o‘tkazish masalalari muhokama qilindi
2026-02-19 12:15:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 16-fevraldagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida”gi PQ-65-sonli hamda 2026-yil 17-fevraldagi “Muborak Ramazon oyida ehtiyojmand aholini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida”gi PQ-67-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.
“Ramazon — mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” ezgu g‘oyasi asosida o‘tkazilishi belgilangan muqaddas oyni ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, hududlarda xayriya va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni mazmunli tashkil etish vazifalari belgilab olindi. Shuningdek, tadbirlarni ortiqcha dabdaba va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymagan holda, ixcham va tarbiyaviy ahamiyatga ega tarzda o‘tkazish zarurligi alohida ta’kidlandi.
Ayniqsa, ijtimoiy reyestrda turgan oilalarga ajratiladigan bir martalik pul mablag‘larini o‘z egalariga o‘z vaqtida va manzilli yetkazish, ushbu jarayonda adolat va shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.
Yig‘ilish yakunida ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli ma’sullarga aniq vazifalar yuklatilib, ularning ijrosini qat’iy nazoratga olish belgilandi.



