Ohangaron tumani IIB boshlig‘i v.v.b Jamshid Haydarovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-02-06 14:25:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumandoshlar!
Muhtaram Prezidentimiz rahbarliklarida amalga oshirilayotgan islohotlar inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, jamiyatda tinchlik-osoyishtalik va xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan. Ayniqsa, jinoyatchilikning oldini olish, aholining huquqiy ongini oshirish va zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan tumanimizda xavfsiz muhitni yaratish, jamoat tartibini saqlash, xavfsizlikni ta’minlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Respublika idoralararo tezkor shtabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, bugungi raqamli davrda internet va zamonaviy texnologiyalar hayotimizni yengillashtirmoqda. Shu bilan birga, kiberjinoyatchilik holatlari ham tobora ortib bormoqda. Firibgarlar turli usullar orqali fuqarolarni aldashga, ularning shaxsiy ma’lumotlari hamda moliyaviy mablag‘larini qo‘lga kiritishga urinmoqda.
Xususan, 2025 yilda tumanimizda jami sodir etilgan jinoyatlarning yarmi axborot texnologiyalari (kiberjinoyat) yordamida sodir etilgan.
Kiberjinoyatchilik — internet va mobil aloqa vositalari orqali sodir etiladigan firibgarlik, bank kartalaridan pul o‘g‘irlash, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish, ijtimoiy tarmoqlarda soxta akkauntlar orqali aldash, kiberbulling va zararli dasturlar tarqatish kabi huquqbuzarliklarni o‘z ichiga oladi. Bunday jinoyatlar fuqarolarning moliyaviy ahvoliga va ruhiy holatiga jiddiy zarar yetkazadi.
Hurmatli fuqarolar!
Kiberjinoyatlarning oldini olish maqsadida, quyidagi qoidalarga amal qilishingizni so‘raymiz: shaxsiy ma’lumotlar, bank karta raqamlari, SMS-kod va parollarni hech kimga bermang; ijtimoiy tarmoq va bank ilovalarida murakkab parollar hamda ikki bosqichli himoyadan foydalaning; “yutib oldingiz”, “tez boyish”, “hisobingiz bloklandi”, kabi xabarlarga ishonmang; noma’lum havolalar va fayllarni ochmang; onlayn to‘lovlarni faqat ishonchli va rasmiy saytlar orqali amalga oshiring.
Shu munosabat bilan, fuqarolardan kiberxavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya etish so‘raladi.
Xususan:
• bank kartalari ma’lumotlari, SMS-kodlar, PIN-kodlar va parollarni begonalarga oshkor etmaslik;
• noma’lum qo‘ng‘iroqlar, shubhali SMS-xabarlar va havolalarga ishonmaslik;
• ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlarni ochiq joylashtirmaslik;
• to‘lov va moliyaviy operatsiyalarni faqat rasmiy va ishonchli saytlar orqali amalga oshirish;
• telefon va kompyuterlarga faqat litsenziyalangan dasturlarni o‘rnatish tavsiya etiladi.
Agar fuqarolar kiberfiribgarlik holatiga duch kelsa yoki shubhali vaziyatni sezsa, zudlik bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yoki bank muassasalariga murojaat qilishi lozim.
Har bir fuqaroning hushyorligi va ongli munosabati jamiyat xavfsizligining muhim kafolati hisoblanadi. Kiberxavfsizlik faqat mutaxassislarning vazifasi emas, balki barchaning umumiy mas’uliyatidir.
Kiberjinoyatga qarshi kurashish texnik, huquqiy va tashkiliy choralarni qo‘llashning eng samarali usullari mavjud.
Bular: texnik usullari, kuchli parollar va 2FA (ikki bosqichli autentifikatsiya), antivirus va firewalldan doimiy foydalanish, dastur va tizimlarni yangilab borish (patchlar juda muhim), ma’lumotlarni shifrlash, zaxira nusxalar (backup) yaratish, fishingni aniqlash vositalari (shubhali havolalarni bloklash), shubhali holatlar yuzaga kelganda darhol tuman Ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilish so‘raladi.
Unutmang, firibgarlikning asosiy sababi beparvolik va ortiqcha ishonuvchanlikdir. Har bir fuqaro o‘zining va yaqinlarining mol-mulki hamda shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi uchun mas’ul ekanini anglab yetishi zarur.
Ichki ishlar tumani tomonidan kiberxavfsizlikni ta’minlash, firibgarlik jinoyatlarining oldini olish bo‘yicha doimiy profilaktik tadbirlar olib borilmoqda. Bunda aholining ongli munosabati va hamkorligi eng muhim omil hisoblanadi.
Hurmatli fuqarolar!
Ogoh bo‘ling, axborot madaniyatingizni oshiring, o‘zingizni va yaqinlaringizni firibgarlardan asrang!
Jamshid Haydarov, Ohangaron tumani IIB boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchi.
