Ohangaron tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i Anvar Mo‘minovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-02-05 15:55:00 / Yangiliklar

Hurmatli tumandoshlar, aziz tadbirkorlar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 26 dekabrda Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish muhim vazifa ekanligini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyotni rasmiylashtirish naqd pulsiz to‘lovlar orqali iqtisodiy faoliyatni ochiq qilib borish – bu Davlatni ustuvor vazifalaridan biri ekanligini, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish- bu shunchaki soliq masalasi emas, balki halol raqobat, adolatli bozor va barqaror budjet tushumlarini ta’minlash, demakdir deb ta’kidlab o‘tdi.
Shu bois, barcha sohalarda hisob-kitoblarni raqamlashtirish, naqd pulsiz to‘lovlarni kengaytirish va tadbirkorlikni rasmiy faoliyatga olib chiqish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettirish lozimligi, 2026 yilda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha ham tub burilishni amalga oshirishda qabul qilingan alohida dastur asosida soliq tizimida ishlarni kuchaytirishni oldimizga maqsad qilib oldik.
“Soya”dagi iqtisodiyotdan ixtiyoriy ravishda shaffoflikka chiqmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar buxgalteriya, statistika, soliq hisobotlarini yuritish bo‘yicha bepul o‘qitilishi ham yashirin iqtisodiyot ulushini qisqarishiga olib keladi.
Tuman Soliq inspeksiyasi tomonidan o‘tgan 2025 yil davomida qo‘shimcha manbalarni aniqlash, tuman mahalliy budjet ko‘rsatkichlarini bajarishda, yashirin iqtisodiyotga barham berish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, yangi tashkil etilgan yuridik shaxslar 291 tani tashkil qilib, ularda yaratilgan ish o‘rinlari son 873 tani tashkil qiladi. Shuningdek, 133 ta yakka tartibdagi tadbirkorlar ro‘yxatdan o‘tib faoliyat yuritishni boshladi.
2025 yil davomida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish tuman Departamenti xodimlari bilan hamkorlikda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish natijasida 160,9 mlrd. so‘mlik qo‘shimcha manba aniqlanib, 160,93 mlrd. so‘mlik qayta hisobotlar olindi va 160,9 mlrd. so‘m budjetga undirildi. Bundan tashqari, 140 ta subyektlarda kelib tushgan murojaatlar asosida qisqa muddatli tekshirishlar o‘tkazilib, 1,2 mlrd so‘m moliyaviy jarima qo‘llanilgan. Belgilangan muddatdan avval ya’ni imtiyoz davrida to‘langan moliyaviy jarima summasi 0,4 mlrd so‘mni tashkil qildi.
2025 yil uchun Ohangaron tumani mahalliy budjet rejasi 97,9 mlrd so‘m belgilangan bo‘lib, haqiqatda 135,0 mlrd so‘mga yoki 137,9 foizga bajarildi. 2025 yil- uchun kontingent tushumi rejasi 55,0 mlrd.so‘m belgilangan bo‘lib haqiqatda 55,3 mlrd so‘mga yoki 100,5 foizga bajarildi.
2026 yilda asosiy soliq stavkalarini o‘zgarishsiz qoldirilishi hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini-o‘zi band qilgan fuqarolar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasini 1 foiz qilib belgilanishi tadbirkorlik subyektlarining ixtiyorida foyda yanada ko‘proq qolish imkonini beradi.
Hurmatli tumandoshlar!
Yashirin iqtisodiyot tushunchasiga nazar solsak, bu rasmiy statistikada aks etmaydigan va soliq organlariga ma’lum qilinmaydigan ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va savdo faoliyati hisoblanadi.
Bu tumanimizda ham quyidagi ko‘rinishlarda uchrashi mumkin:
- Ro‘yxatdan o‘tmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish;
- Daromadini yashirib ko‘rsatish;
- Konvert usulida ish haqi berish;
- Mablag‘larning bankdan tashqari aylanmasiga yo‘l qo‘yish;
- Ta’qiqlangan tovarlar savdosi yoki xizmatlar ko‘rsatish;
- Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan samarasiz foydalanish;
- Fermer xo‘jaliklari tomonidan uchinchi shaxsga ijaraga berish;
- Bug‘doydan keyingi ikkinchi hosilni yashirish;
- Chorvachilik sohasida mol boshlari sonini kamaytirib hisobotda aks ettirish;
- Chorva mollariga ega bo‘lmagan fermer xo‘jaliklari tomonidan yerlardan foydalanish;
- Imtiyozdan foydalanish maqsadida mevali bog‘larni tez- tez yangilash va h.k
Yashirin iqtisodiyotning ta’sirida quyidagilarni ko‘rish mumkin:
- Tuman budjetiga tushum kamayadi;
- Tumanda rasman band bo‘lgan fuqarolar soni kamayadi;
- Ehtiyojmand aholini kambag‘allikdan chiqarish sekinlashadi;
- Ishsizlar soni ortadi;
- Soliq yuki halol soliq to‘lovchilar zimmasiga og‘irlik tushadi;
- Raqobat muhiti buziladi;
- Statistik ko‘rsatkichlar buziladi;
- Korrupsiyaga sharoit yaratib beriladi.
Hurmatli Prezidentimizning ta’biri bilan aytganda, “Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan, jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid” hisoblanadi.
Hurmatli tumanimiz tadbirkorlari, Sizlardan faoliyatingizni amalga oshirish davomida O‘zbekiston Respublikasi Qonunlariga amal qilib, daromadlarni yashirmasdan, soliq hisobotlarini belgilangan muddatlarda topshirishingizni va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lashingizni so‘rab qolaman. Soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash moliyaviy tizimga va davlat budjetiga zarar yetkazadi. Soliqdan qochish — bu qonunda belgilangan soliqlar va yig‘imlarni to‘lashdan ataylab bo‘yin tovlash, daromadlarni yashirish yoki noqonuniy hujjatlar orqali soliq bazasini kamaytirish hisoblanadi. Bu harakatlar iqtisodiy subyekt foydasini noqonuniy oshirishga qaratilgan bo‘lib, ma’muriy yoki jinoiy javobgarlikka, shuningdek, moliyaviy jazo choralariga sabab bo‘ladi.
Anvar Mo‘minov, Ohangaron tuman Soliq inspeksiyasi boshlig‘i. .
