Bahrom Norqobilov: "Vatanga xizmat qilish faqat qo‘lda qurol bilan emas, balki bilim, tafakkur va kasb mahorati bilan ham amalga oshiriladi"
2026-02-05 12:10:00 / Yangiliklar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlariga qarashli Ohangaron tumanidagi harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida imtiyozli tavsiyanoma olish uchun test sinovlari o‘tkazildi. Ushbu tadbir harbiy xizmatchilarning bilim va intellektual salohiyatini baholash, ularni oliy ta’lim muassasalariga kirishda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Test sinovlari boshlanishidan oldin Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov harbiy xizmatchilar bilan uchrashdi. Samimiy va mazmunli muloqot davomida tuman rahbari harbiy xizmatchilarni Vatan tinchligi va davlat chegaralarining daxlsizligini ta’minlash yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan fidoyi o‘g‘lonlar sifatida e’tirof etdi. Shuningdek, ularning har kunlik xizmati jasorat, qat’iyat, intizom va yuksak mas’uliyat namunasi ekanligini aytib o‘tib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan yaratib berilayotgan sharoitlar, imtiyozlar haqida alohida ta’kidladi.
— Vatanga xizmat qilish faqat qo‘lda qurol bilan emas, balki bilim, tafakkur va kasb mahorati bilan ham amalga oshiriladi. Bugungi test sinovlari esa ana shu maqsad sari qo‘yilayotgan muhim qadamdir. Barchangizga sinovlarda muvaffaqiyat va omad tilayman, — dedi o‘z so‘zida tuman hokimi Bahrom Norqobilov.
Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar belgilangan tartibda test sinovlarini topshirishga kirishdilar. Bilim va malakalarni baholash agentligi xodimlari tomonidan ushbu jarayon yuqori saviyada, shaffof va adolatli tarzda tashkil etildi.









