Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilovning tuman aholisiga MUROJAATI
2026-02-04 19:50:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Aziz tumandoshlar!
Barchangizga ma’lumki, Muhtaram Prezidentimiz 2025 yil 26 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga va O‘zbekiston xalqiga navbatdagi Murojaatnomani yo‘lladilar.
Yurtboshimizning mazkur Murojaatnomasi siyosiy, iqtisodiy va huquqiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega bo‘lib, davlat hokimiyatining barcha bo‘g‘inlari faoliyati uchun muhim dasturiy hujjat hisoblanadi. Unda Yangi O‘zbekistonni barpo etish, xalq farovonligini oshirish, jamiyat va davlatni global iqtisodiy murakkab sharoitda ham barqaror rivojlantirishga qaratilgan ustuvor vazifalar aniq belgilab berilgan.
Ayniqsa, Prezidentimiz Murojaatnomasi bir yillik Davlat dasturidan farqli o‘laroq, yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan strategik maqsad va vazifalarni qamrab olgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, ushbu Murojaatnoma bir qator xususiyatlari bilan avvalgi Murojaatnomalardan farq qiladi:
birinchidan, so‘nggi to‘qqiz yilda mamlakatimizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar chuqur va xolis tahlil qilindi;
ikkinchidan, 2026 yilga mo‘ljallangan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat aniq dastur taqdim etildi;
uchinchidan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi ilgari surildi;
to‘rtinchidan, 2026 yil mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili”, deb e’lon qilindi.
Qadrli tumandoshlar!
Tuman rahbari sifatida Sizlarga murojaat qilar ekanman, Yurtboshimiz tomonidan belgilab berilgan 6 ta ustuvor yo‘nalishdan kelib chiqqan holda, 2026 yilda Ohangaron tumanida amalga oshirilishi rejalashtirilgan asosiy ishlarga qisqacha to‘xtalib o‘tmoqchiman.
1. Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish yo‘nalishida:
2026 yilda tumanda mahallalar infratuzilmasini tubdan yaxshilash maqsadida, 31 ta mahallada 80 km.dan ortiq uzunlikdagi ichki ko‘chalar ta’mirlanadi. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida, 100 km. masofada suv quvurlarini tortish ishlari olib boriladi. Natijada, 958 ta xonadon ilk marotaba ichimlik suvi bilan ta’minlanib, 1640 ta xonadonda ta’minot yaxshilanadi. Shuningdek, joylarda 14 ta suv nasosi yangilanadi. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida esa mahallalarda 6 ta transformator, 1600 ta temir-beton tayanchlar o‘rnatilib, 40 km. uzunlikdagi elektr simlarini tortish ishlari olib boriladi.
Bundan tashqari, “Eyvalek” va “Quyun” mahallalariga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish uchun 10 milliard so‘m mablag‘ sarflanishi belgilangan.
Tumanda “og‘ir” toifali deb tanlab olingan “Qoraxitoy”, “Alisher”, “Ubayd” va “Shodmalik” mahallalari infratuzilmasini rivojlantirishga 2 mlrd. so‘mdan mablag‘ ajratiladi.
2026 yilda “Tashabbusli budjet”ning ikki mavsumida g‘olib deb topilgan loyihalarga jami 23 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Shuningdek, 2026 yil investitsiya dasturiga muvofiq, 18 ta loyiha doirasida 191 mlrd. so‘mlik ishlar amalga oshiriladi. Shu bilan birga, olis tog‘li hudud hisoblangan “Ovjazsoy” mahallasida yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi va sport kompleksi bunyod etiladi.
2. Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish yo‘nalishida:
2026 yilda 6 ta loyiha doirasida 250 mln. dollar miqdorida investitsiya o‘zlashtirilishi hamda 853 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Innovatsion ishlab chiqarish hajmini 12 foizga oshirish asosiy maqsadlardan etib belgilangan bo‘lib, bu borada joriy yilda 15 ta innovatsion loyiha amalga oshriladi. Ushbu yo‘nalishda tumanimizning “G‘allaquduq” mahallasida innovatsion klaster tashkil etilib, uning doirasida 10 dan ortiq ishlab chiqarish korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi va natijada 100 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.
Bu borada tumanimizning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari, xususan, sanoat ishlab chiqarish hajmi 12,8 trln. so‘m, xizmat ko‘rsatish hajmi qariyb 1 trln. so‘m, qishloq xo‘jaligi sohasida 2,2 trln. so‘m, qurilish yo‘nalishida esa 1,1 trln so‘mga yetkazilishi rejalashtirilgan.
3. Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish yo‘nalishida:
Aholining xarid qobiliyatini oshirish, mahalliy mahsulotlar ulushini kengaytirish va narx-navo barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlarimizni belgilangan reja asosida davom ettiramiz. Bu borada 30 ta tadbirkorlik subyektini qo‘llab-quvvatlash orqali, ishlab chiqarilayotgan mahsulot va xizmatlarni ichki bozorga yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligining g‘allachilik, polizchilik, bog‘dorchilik, chorvachilik loyihalari asosida hamda aholi tomorqalaridan samarali va kengroq foydalanishni rivojlantirish orqali ichki bozorlarni sifatli, arzon oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirish, oziq-ovqat xavfsizligini, narx-navo barqarorligini ta’minlash ustuvor vazifamiz bo‘lib qoladi.
Jumladan, joriy yilda 47 000 tonna g‘alla, 420 000 tonna meva mahsulotlari, 64 600 tonna poliz mahsulotlari, 17 600 tonna go‘sht, 64 900 tonna sut ishlab chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahallalarni muayyan turdagi mahsulotlar yetishtirishga ixtisoslashtirish borasidagi ishlar davom ettiriladi.
4. Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish yo‘nalishida:
Tumanda 2026 yil yakuniga qadar 3078 nafar aholining doimiy bandligi ta’minlanadi, 14 065 nafar aholining daromadlari oshirilib, 4025 nafar aholining norasmiy bandligi legallashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Jumladan, hozirgi kunda ishsiz yoshlar soni 324 nafarni tashkil etib, 2026 yilda ulardan 252 nafarini doimiy ish bilan ta’minlash, 37 nafarini kasb-hunarga o‘qitish, 25 nafariga yer ajratish, 8 nafarini tashqi mehnat migratsiyasiga jalb etish va 2 nafariga subsidiya ajratish orqali bandligi ta’minlanadi.
Shuningdek, joriy yilda 650 nafar xotin-qizlarning bandligi ta’minlanib, 250 nafar ayollar kasb-hunarga o‘qitilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tumandagi mavjud 2 ta texnikumda kasb-hunarga o‘qitish tizimini yangi bosqichga olib chiqish, dual ta’lim uslubini kengaytirish orqali kasblarni rivojlantirish choralari ko‘riladi.
Mehnat bozorida jami 21 168 ta (xususan, investitsion loyihalar doirasida 2232 ta, qishloq xo‘jaligida 4133 ta, xizmat ko‘rsatish va servis loyihalari doirasida 13827 ta va qurilish sohasida 976 ta) yangi ish o‘rinlari yaratilishi rejalashtirilgan.
5. Ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish yo‘nalishida:
Bu yil ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlari davom ettiriladi. Jumladan, tumanimiz hududida joriy yilda 1,4 mln dona mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazish ishlari rejalashtirilgan.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy qilish yo‘nalishida tumanda 2600 kVt. quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatiladi.
Suv resurslaridan oqilona foydalanishni yo‘lga qo‘yish borasida 2026 yilda jami 1500 gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Jami 106,4 km. uzunlikdagi ichki ariqlarni betonlashtirish ishlari amalga oshiriladi (shundan 100 km. fermer xo‘jaliklarida, 6,4 km. mahallalarda).
6. Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida:
Ohangaron tumanida zamonaviy davlat boshqaruvini joriy etish va adolatli sud-huquq tizimi sohasidagi islohotlarni amalga oshirish yo‘nalishida 2026 yilda aniq maqsadli chora-tadbirlar belgilab olingan. Mazkur ishlar fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini oshirish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan.
Jumladan, davlat boshqaruvini raqamlashtirish doirasida tuman hokimligi va unga qarashli tashkilotlarda davlat xizmatlarining kamida 90 foizini elektron shaklga o‘tkazish rejalashtirilgan. Shu orqali aholi va tadbirkorlar uchun xizmat ko‘rsatish muddatlari o‘rtacha 50 foizga qisqartiriladi. Davlat xizmatlari markazi orqali 2026 yil davomida tuman aholisiga 100 mingdan ortiq xizmat ko‘rsatilishi ko‘zda tutilmoqda.
Aholi bilan ochiq muloqotni kuchaytirish maqsadida, tuman hokimligi tomonidan yil davomida kamida 12 ta ochiq muloqot, 31 ta sayyor qabul o‘tkazish rejalashtirilgan.
Adolatli sud-huquq tizimini ta’minlash yo‘nalishida aholining huquqiy savodxonligini oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Xususan, mahallalarda 100 dan ortiq huquqiy targ‘ibot tadbirlari, ta’lim muassasalari va mehnat jamoalarida huquqiy seminar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda qonuniylikni ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha barcha mahallalarda profilaktik tadbirlar o‘tkaziladi.
Ijro intizomini mustahkamlash maqsadida, tuman hokimligida ijro hujjatlarini nazorat qilishning elektron tizimi takomillashtirilib, muddatida bajarilgan topshiriqlar ulushini 100 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Hurmatli tumandoshlar!
Belgilangan vazifalarni amalga oshirishda davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va eng avvalo, Siz – faol fuqarolarning hamkorligi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ishonchim komilki, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz orqali Ohangaron tumanini yanada obod, taraqqiy etgan va farovon hududga – Yangi O‘zbekiston qiyofasi aks etgan makonga aylantiramiz.
Barchangizga mustahkam sog‘liq, tinchlik-osoyishtalik va oilaviy farovonlik tilayman!
Bahrom NORQOBILOV, Ohangaron tumani hokimi.
