Ajrimlar – jamiyat jarohati
2026-02-03 10:35:00 / Yangiliklar

Shunga qaramay, ajrimlar soni kamayish o‘rniga tobora ortib borayotgani achinarli hol. Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2025-yil davomida tumanimizdagi FHDYO bo‘limida 104 ta ajrashgan oila qayd etilgan. Yil boshidan buyon nizoli holatdagi oilalar soni 282 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, turli idora va tashkilotlarning hamkorligi natijasida 127 ta oila yarashtirilgan. Yana 52 ta oilaga yarashtiruv komissiyalari orqali muhlat berilgan.
Ajrimlarning asosiy sabablari –turli-tuman: xarakterlarning to‘g‘ri kelmasligi, moliyaviy ta’minlamaslik, xiyonat, spirtli ichimliklarni iste’mol qilish, uchinchi shaxslarning aralashuvi, oilaviy kelishmovchiliklar, farzandsizlik kabi omillardir. Aslida, bir oilaning buzilishi nafaqat er-xotin, balki ikki tomondagi ota-onalar, qarindosh-urug‘lar uchun ham katta fojiadir. To‘yga ketgan xarajatlar, ota-onalarning uzoq yurtlarda mehnat qilib topgan mablag‘lari, sog‘lig‘idan kechib farzandini baxtli qilish yo‘lidagi fidoyiligi, bularning barchasi bir lahzada yo‘qqa chiqayotgandek bo‘ladi. Eng alam qiladigani, yosh oilalarning moslashib ketishi uchun kattalar tomonidan yetarlicha qo‘llab-quvvatlash yo‘qligi ham ayrim hollarda ajrimlarga sabab bo‘lmoqda.
Tumanimizda Oila va xotin-qizlar bo‘limi tashabbusi bilan haftaning chorshanba kuni oilaviy nizolar bilan ishlash kuni etib belgilangan. Shu kuni barcha mahallalarda hamda tuman yarashtiruv komissiyasida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalar bilan manzilli ishlar olib boriladi. Er-xotinlar, ularning ota-onalari, kelinoyilar ishtirokida suhbatlar o‘tkazilib, komissiya a’zolari tomonidan pand-nasihatlar beriladi. Imomlar, otinoyilar, nuroniylar tomonidan hadislar, oyatlar va ibratli voqealar misol qilib keltiriladi. Afsuski, barcha oilalar ham bir-birini kechirishga, uzilgan rishtalarni qayta bog‘lashga jur’at topa olmayapti. Hatto uch-to‘rt nafar farzand bilan ajrashayotgan oilalar soni ham ortib bormoqda. Ko‘pincha takabburlik, mas’uliyatdan qochish, oilani iqtisodiy jihatdan ta’minlamaslik, ota-onalik burchini his qilmaslik – bularning bari oila darz ketishiga olib kelmoqda. Ayrim holatlarda qaynonalar bilan kelinlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, turmushidan qaytib kelgan opa-singillar aralashuvi ham nizolarni kuchaytirmoqda. Kelin moslashib ketishi uchun sog‘lom muhit yaratish o‘rniga, uni haydashga moyillik qilish holatlari ham uchramoqda.
Shunisi quvonarliki, yarashib ketayotgan oilalar orasida muhabbat saqlanib qolganlari ko‘p. Ular birgalikda harakat qilsa, barcha sinovlarni yengib o‘tib, mustahkam oila barpo etishga qodir.
So‘nggi paytlarda ayrim kelinlar tomonidan “menga e’tibor bermaydi”, “sovg‘a qilmaydi”, “ko‘nglimga qaramaydi” kabi e’tirozlar bildirilmoqda. Aslida esa kelin oila a’zolarining ko‘ngliga yo‘l topib, shu xonadonning suyukli keliniga aylanishga intilishi kerak. Bu qadriyatlar onalarimiz va buvilarimiz hayotida sabr-toqat bilan sinalgan, natijada ular mehribon ona, suyukli buvi, ibratli oila vakilasi maqomiga erishgan. Bugun esa ayrim yoshlar orasida “oila ilmi”, muqaddas oila qurish, er-xotin bo‘lib orzu-maqsadlarga birgalikda yetishish kabi tushunchalar susayib borayotgandek. Munosabatlar faqat dabdabali to‘ylar, qimmatbaho sovg‘alar va ko‘z-ko‘z qilish bilangina o‘lchanayotgandek taassurot uyg‘otmoqda. Eng achinarlisi, oila ilmi farzandlarga ota-onalar tomonidan yetarlicha o‘rgatilmayapti. Ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi muloqot kamaygan. Dasturxon atrofida buvi-bobolarning pand-nasihatlari eshitilmayapti. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, degan naql bejiz emas, janjal muhitida ulg‘aygan farzandlar ayni holatni o‘z oilasida takrorlamoqda.
Oila jamiyatning eng muhim tayanchi. Uni asrash faqat bir idoraning emas, balki barchamizning umumiy mas’uliyatimizdir. Har bir ota-ona, har bir yosh, har bir mahalla faoli oilaning muqaddasligini anglab, sabr, mehr va mas’uliyat bilan yondashsa, ajrimlar kamayib, mustahkam va baxtli oilalar safi kengayadi.
Hurmatli tumanimiz aholisi, bu borada sizning fikr-mulohazalaringiz biz uchun muhim. Keling, birgalikda oilalarimizni asraylik!
Sevara DEHQONOVA, tuman hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i.
